Bu Yerjan Kazixanovning Qozog'iston tashqi ishlar vaziri sifatida Amerikaga ilk rasmiy safari. U boshliq delegatsiya 28-yanvardan beri Vashingtonda keng qamrovli muzokaralar olib bordi.
Jumladan, Pentagonda AQSh Mudofaa vaziri o'rinbosari Eshton Karter (Ashton Carter) bilan muloqotda nafaqat Qozog'iston va Markaziy Osiyo xavfsizligi, balki Afg'oniston, Eron va Pokiston xususida ham gap ketgan.
Delegatsiya a'zolari Oq Uy Davlat xavfsizligi kengashi huzurida ham bo'lib, bosh maslahatchi o'rinbosari Denis Makdona (Denis McDonough) bilan so'zlashgan.
Qozog'istonda ayni damda Islomiy Konferensiya Tashkilotiga raislik qilmoqda. Kazixanov Amerika rasmiylari bilan uchrashuvlarda faqat o'z davlati manfaatlari yuzasidan emas, mazkur uyushma nomidan ham so'zlamoqda.
1-fevral kuni ertalab Davlat departamentida Xillari Klinton Kazixanovni qabul qilar ekan, "Qozog'iston bilan o'zaro, mintaqaviy va global miqyosda hamkorlik qilib kelayapmiz", dedi.
Qozog'iston 2010-yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qildi. Hozir esa Islomiy Konferensiya Tashkilotidek yirik organni boshqarayotgani, Vashington nazarida, katta yutuq. Bu uyushma hajm jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkilotidan keyingi eng katta blok.
"Qozog'iston Afg'onistonda tinchlikka erishish yo'lida o'z hissasini qo'shib kelmoqda", - deydi Klinton.Shimoliy Ta'minot Tizimi, Afg'onistondagi xalqaro koalitsiyaga yuk tashiladigan yo'l Qozog'iston hududidan ham o'tadi. Bu tizimga hozir Markaziy Osiyoning barcha davlatlari kiradi.
Yerjan Kazixanov u bilan uchrashuvida ikki mamlakat diplomatik aloqalarni yo'lga qo'yganiga 20 yil bo'lganini e'tirof etib, ayniqsa, yadroviy qurol va materiallardan qutulish uchun birgalikda olib borilgan harakatlarni eslab o'tdi.
Kazixanov deydiki, bu yili Janubiy Koreya poytaxti Seulda o'tishi kutilayotgan xalqaro sammitda AQSh va Qozog'iston rahbarlari yuzma-yuz muloqot qiladi.
Bugungi muzokarada, shuningdek, savdo va sarmoya, energetika eksporti, viza olish jarayonini osonlashtirish xususida ham gaplashib olingan.
Davlat departamentidan olingan video, ingliz tilida: