Markaziy Osiyo lideri deb ko’rilayotgan Qozog’istonda arab dunyosi va Rossiyadan ilhomlangan muxolifat namoyishlar bobida o’zini sinab ko’rmoqda. Oppozitsiya o’tgan oy Almatida chiqish qilgach, ruxsatsiz ish ko’rgani uchun yetakchilar ikki hafta qamoq jazosiga mahkum etildi.
G’arb bu holatni tanqid qildi. Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo’mita prezident Nursulton Nazarboyevga murojaat qilib, matbuot xodimlariga nisbatan ta’qiblarni bas qilishni so'radi.
Yevropa parlamenti siyosiy mahbuslar ozod etilsin deya rezolyutsiya qabul qildi.
Rahbarning Germaniyaga safaridan bir oz o’tib muhokama qilingan bu hujjat Janao’zen hodisalaridan so’ng qamoqqa olingan faollarni qo'yib yuborishga chaqiradi.
Dekabrda g'arbdagi bu shaharda yuz bergan qo'zg'olonda militsiya odamlarga qarata o’t ochib, kamida 15 fuqaro o’lgan edi. Voqea hamon tergov ostida.
Qozoq muxolifati bayonotiga ko’ra, bu voqeadan keyin hukumat va oppozitsiya o’rtasidagi kurash yangi bosqichga ko’tarilgan. Aytish joiz, Ostona va Yevropa aloqalari rivoji O’zbekistondan farqli ravishda xalqaro hamjamiyat, inson huquqlari himoyachilari tomonidan bir qadar e’tirozsiz kechayotgan edi.
Nazarboyevning yaqinda Germaniyaga safari muammosiz o’tmadi. Huquq himoyachilari uni norozilik aksiyasi bilan kutib oldi, Germaniya muxolifati esa o’z hukumatini avtoritar rejimlar bilan hamkorlikdan tiyilishga chaqirdi.
Prezident Berlindagi matbuot anjumanida neft koni xodimlari nega isyon ko’targanini surishtirayapmiz, demokratiya evolyutsiyon jarayon, dedi.
Yanvarda Qozog’iston parlamenti uchun saylovlar o’tdi. Nazarboyev boshliq “Nur otan” dan tashqari yana ikki partiya qonunchilik organidan joy oldi. Biroq jarayon demokratik tamoyillarga javob bermay, muxolif partiyalar saylovdan chetlatilgani e’tirof etildi.
Qozog’istonlik siyosatshunos Do’sim Satpayev so’zlariga ko’ra, saylov shunchaki amaldagi hokimiyatga demokratik tus berish uchungina o’tkazilgan.
Qozoq muxolifati o’zbek oppozitsiyasidan farqli Rossiyadagi mitinglardan ilhomlangan. Jarayonda qatnasha olmagan guruhlar “Rossiya uddaladi, biz ham uddlashimiz kerak” degan bayonot bilan chiqdi. Almatida ovoz berish natijalariga qarshi o’tgan chiqishlardan so’ng bir necha faol 15 sutka ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Jazoni o’taganlarning matbuotdagi chiqishlariga ko’ra, mitingga nisbatan keskin chora ko'rilgani shundan dalolatki, hukumat fuqarolar faolligidan qo’rqib qolgan.
“Adolatsiz o’tgan saylovlar nafaqat muxolifat, balki jamoatchilikka ham yangi kuch beradi, bu esa o’zgarishlarni tezlashtiradi”, - deydi “Azad” partiyasi yetakchisi Amirjon Kasanov so’nggi intervyusida.
www.Stan.tv portalining yozishicha, faollar Facebook va Twitter yordamida ommaviy chiqishlar rejalamoqda. Siyosiy talablar bilan 25-fevralda Ostonada yig’in o’tkazish rejada. Internet nazorat ostida ekan, buning samarasi shubha ostida.
Satpayev oppozitsiya birlasha olishida gap ko’p, deb hisoblaydi.
“Avvalo muxolifatning o’zi odamlarni yo’naltiruvchi kuch emas, norozilik ham aniq bir yo’nalisga ega emas, tarqoq. Ularni bir joyga top’lovchi kuch kerak. Moskvada odamlar birlashishga muvaffaq bo’lgan edi. Qozog’istonda, afsuski, ular ko’p hollarda bir biriga qarshi kurashadi”.
Janao'zendagi voqealar suratlarda: