Breaking News

Qozog'iston: Janaozenda favquloqqa holat hukmron


Namoyishchi militsiyadan qochishga urinmoqda, Zanaozen, 16-dekabr, 2011
Namoyishchi militsiyadan qochishga urinmoqda, Zanaozen, 16-dekabr, 2011

Mustaqillik tantanalari qonli to’qnashuvga aylangan Qozog’istonda prezident Nursulton Nazarboyev Janaozen shahrida favquloqqa holat e’lon qilgan.

Mamlakat g’arbidagi bu shaharda kecha neft konlari ishchilari va ichki ishlar xodimlari orasida yuz bergan to’polonda 10 kishi halok bo’lgan. Davlat idoralari, banklar, xususiy biznes va jamoat markazlariga katta zarar yetgan.

Kaspiy dengizi bo’yidagi bu sanoat shahrida favqulodda holat 5 yanvargacha davom etadi va undan keyin vaziyat talabga javob bersa, xavfsizlik choralari biroz yumshatilishi mumkin.

Davlatchilikning 20 yilligini nishonlash uchun bezatilgan Janaozen markaziy maydonida an’anaviy chodirlar o’rnatilgan. Kecha ularga hujum qilingan, deydi militsiya xodimlari. Shundan keyin to’polon boshlangan.

Prezident Nazarboyev hujumlarni sodir etganlarni bezori to'dalar deb atamoqda.

Lekin guvohlarning aytishicha, ular ish sharoiti va maoshdan nolib kelayotgan ishchilar. Bayram kimga kerak deya bosh ko’targan fuqarolar. Militsiya ularga qarshi kuch ishlatgani aytiladi, lekin hukumat buni rad etmoqda.

Nazarboyevning aytishicha, uning davlatidda fuqaro huquqlari hurmat qilinadi va kechagi fojia uchun javobgarlar adolat oldida javob beradi.

Neftga boy Qozog’iston iqtisodiy jihatdan ancha oyoqqa turib olgan, ammo mamlakatning uzoq shahar va qishloqlarida tirikchilik qilish hamon og’ir, ayniqsa neft sanoatida ishlaydiganlar bu boylikdan tushayotgan daromad oddiy xalqqa yetib bormayapti deya shikoyat qilib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG