Qozog'istonni erkin bo'lmagan jamiyatlar qatoriga qo'shadigan "Freedom House", "Ozodlik Uyi" tashkiloti nazarida jazoni o'tash muassasalari nazoratini Adliya vazirligidan Ichki ishlar vazirligiga o'tkazish jiddiy xavotir uyg'otadi.
Adliya vazirligini fuqarolar boshqarsa, Ichki ishlar esa harbiylar iznida.
Turmalar fuqarolar qo'lida bo'lishi kerak, harbiylar emas, deyiladi "Ozodlik Uyi" chiqargan bayonotda.
Tizim adolatli ish yuritishi, mahbuslarning huquqlari buzilmasligini ta'minlash uchun, deya bildiradi tashkilot, boshqaruv Adliya vazirligi qo'lida bo'lgani ma'qul.
Qozog'istonda 2001 yilgacha jazoni o'tash muassasalari Ichki ishlar nazoratida edi. Mahbusxonalar ishi va u yerdagi har qanday qonunbuzarlikni tekshirish uning zimmasida edi.
2001 yilning dekabrida bu vakolat Adliya vazirligiga o'tgan edi. Chunki, degan edi hukumat, mahbuslar huquqini ta'minlash - fuqaroviy masala.
"Ozodlik Uyi" tahlilicha, o'tgan yillar mobaynida tizim ancha isloh qilindi. Lekin qamoqxonalarni yaxshilash uchun yetarlicha mablag' ajratilmadi. Qiynoqlar va huquqbuzarlik holatlariga ko'z yumildi.
"Vaziyat fuqaro nazorati ostida ham dahshatli edi, lekin uni tashqaridan kelib tekshirish, ahvol bilan tanishish mumkin edi",- deydi Syuzan Kork, tashkilot vakili.
"Endi esa bu qaror bilan yanada noto'g'ri yo'ldan ketilmoqda. Turmalardagi holat yanada yomonlashishi mumkin".
Hibsxonalardagi fuqarolarni qiynoqqa solish, hatto ularning oila a'zolarini qo'rqitish, mahbuslardan zo'rlik bilan soxta iqrornomalar olish hollari keng tarqalgan, deyiladi "Ozodlik Uyi' bayonotida. Shuningdek, mahbuslarni och saqlash, kasalmandlarga qaramaslik, dori-darmon bermaslik ham oddiy hol.
Shu yilning 29 iyunida Qozog'istonda yetti xizmatchi Zarechniy qamoqxonasida mahbuslarni xo'rlaganlik va qiynaganlikda aybdor deb topilib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
6 iyulda esa 16 mahbus qamoqda portlab halok bo'ldi. Rasmiylarning aytishicha, ular qochishga uringan va xavfsizlik kuchlari qurshovga olayotganida o'zini o'ldirgan.
Respublikada turmalardagi holatni tekshiradigan mustaqil organ yo'q. Vaholanki, Qozog'iston mahbuslar huquqini ta'minlashni kafolatlovchi qatoq xalqaro qonunlarga imzo chekkan.
2010 yilda BMTning Qiynoqlarga qarshi maxsus vakili Manfred Novak Qozog'iston bo'lib, vaziyat bilan tanishgan va turmlarda qiynoqlar muntazam ravishda qo'llanishi haqida yetarli ma'lumot bor degan edi.
"Ozodlik Uyi", Vashingtonda asoslangan huquq tashkiloti, Qozog'iston hukumatini nafaqat yuqoridagi tilga olingan qaroridan qaytishga, balki qiynoqlarga qarshi kurashuvchi maxsus mexanizm yaratishga chaqirmoqda.