Breaking News

Sobiq Sovet respublikalari Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishga urinmoqda


Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko (markazda o'ngda) Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan, Riga, 22-may, 2015-yil.
Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko (markazda o'ngda) Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan, Riga, 22-may, 2015-yil.

Sobiq Sovet Ittifoqining olti a'zosi Latviya poytaxti Rigada Yevropa Ittifoqining Sharqiy hamkorlik sammitida qatnashmoqda. Kecha boshlangan anjuman Rossiya va Yevropa o'rtasida Ukraina yuzasidan munonasabatlar keskinlashgan bir paytda o'tmoqda.

Sobiq Sovet davlatlari Yevropa Ittifoqi bilan, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:32 0:00

G'arbiy Ukraina o'rmonlarida mahalliy askarlar AQShning 173-brigadasi qo'lida harbiy tayyorgarlikdan o'tmoqda. Maqsad sharqiy Ukrainada Rossiya qo'llab-quvvatlovi bilan boshlangan isyonni bostirishga ko'maklashish.

Yevropa Ittifoqining Sharqiy hamkorlik sammiti ana shunday muhitda o'tmoqda. Ukraina, Gruziya, Belarus, Moldova, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari Rigada yevropalik yetakchilar bilan ko'rishdi. Ikki kunlik anjuman sobiq Sovet respublikalari bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan, deydi tahlilchi Orisiya Lutsevich.

"Biz Yevropa va uning atrofi nimani anglatishi bo'yicha yangi tushuncha bilan yuzlashyapmiz. Yevropa Ittifoqi har bir davlat o'z kelajagini o'zi belgilash huquqiga egaligi bo'yicha yakdil mavqega ega hozir", - deydi u.

Sharqiy hamkorlik sammitining 2013-yil noyabrda o'tgan oxirgi yig'inida Ukrainaning o'sha paytdagi Prezidenti Viktor Yanukovich Rossiya bosimi ostida Yevropa Ittifoqi bilan tuziladigan shartnomani so'nggi lahzalarda imzolashdan bosh tortgan edi.

Shundan so'ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Yanukovich hokimiyatdan ag'darilib, Rossiya Qrimni egallab oldi.

Moskvaning bu harakatlari sobiq Sovet o'lkalarini Bryussel bilan yaqinlashtirdi, deydi Tashqi aloqalar bo'yicha Yevropa kengashi tahlilchisi Kadri Liyk.

"Barcha davlatlar ilgariga qaraganda ko'proq Yevropa Ittifoqiga yaqinlashishga harakat qilmoqda. Rossiya ta'sirini Yevropa orqali muvozanatga solishga uringanlar ham. Ular orasida, ayniqsa, Belarus va Ozarbayjon bor. Bu mamlakatlar Rossiya qilishi mumkin bo'lgan ishlardan cho'chimoqda", - deydi u.

Ukraina va Moldova bilan birga, Gruziya ham Yevropa Ittifoqi bilan Ittifoqchilik kelishuvini imzolagan. Prezident Georgiy Margvelashvilining aytishicha, Yevropa Rossiya talablariga bo'yin egmasligi kerak.

"Rossiya Gruziyaning Yevropaga qo'shilish istagini milliy tahdid sifatida ko'rib, Yevropa buni hisobga olishi kerak, demoqda. Bu mantiqsizlik. Bunga Yevropa ijobiy dasturlari bilan javob qaytarishi kerak", - deydi u.

Yevropa Ittifoqi va sharqiy qo'shnilar o'rtasida yuqori darajali uchrashuvlar o'tayotganiga qaramay, ittifoq rejalari aniq emas va o'ziga yangi a'zolarni qabul qilish masalasi muhokama stolida yo'q, deydi Kadri Liyk.

"Bozorga qo'shilishingiz, vizasiz sayohat qilish huquqini qo'lga kiritishingiz mumkin. Ammo Yevropa Ittifoqi a'zosi bo'la olasizmi? Bu savolga hech qachon javob berishmagan", - deydi tahlilchi.

Sobiq Sovet o'lkalari bilan aloqani kuchaytirish barobarida, Yevropa Rossiya bilan ziddiyatlarni yumshatishga ham urinmoqda.

"Ayni paytda Yevropa Rossiya bilan aloqalari qanday bo'lishi kerakligi haqida bir qarorga kelishi kerak. Qarshilikmi, hamkorlikmi, aniq yo'nalishni belgilashlari lozim", - deydi Orisiya Lutsevich.

Ukraina prezidenti 2020-yilgacha Yevropa Ittifoqiga qo'shilish harakatini boshlashi haqida ma'lum qilgan. Ammo kuzatuvchilarning aytishicha, Bryussel bu kabi davlatlarni qabul qilishga hali-veri xohish bildirmasligi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG