Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni yana olti oyga uzaytirdi. 28 davlatdan iborat ittifoq Rossiyani Ukraina sharqidagi isyonchilarga madad berayotganlikda ayblab, jazo choralarini joriy etgan edi. Ukrainadagi ichki mojaroga barham berishga qaratilgan Minsk sulhi shartlari bajarilsa, Rossiya sanksiyalardan xoli bo'lishi aytilmoqda.
Sulh tuzilganiga qaramay, Ukraina hanuz Rossiya bilan chegaradosh hududlarda nazoratni o'z qo'liga olmaganini aytmoqda.
Rossiya parlamenti 2014-yil mart oyida Qrimda o'tgan referendum natijasiga ko'ra, yarimorolni Rossiya tarkibiga qo'shib olish haqida qaror chiqargan edi.
O'tgan yil fevral oyida ommaviy namoyishlar natijasida Viktor Yanukovich prezidentlikdan ketganidan so'ng sharqiy viloyatlarda Kiyevdagi yangi hukumatga qarshi isyon boshlandi.
BMT ma'lumotiga ko'ra, Ukraina ixtilofida shu paytgacha 8000 dan ortiq odam halok bo'lgan.