Breaking News

Yevropa Kengashi: Rossiya Suriyada mo'tadil isyonchilarni nishonga olmasin


Rossiya havo hujumlari
Rossiya havo hujumlari

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat uchun mas'ul rasmiysi Federika Mogerinining aytishicha, Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlari xavotir uyg'otmoqda.

Yevropa mulozimiga ko'ra, Suriyada "Islomiy davlat"ni nishonga olayotganini da'vo qilayotgan Rossiya BMT ta'rifiga mos terrorchilarga qarshi harakat qilishi lozim.

G'arb xavotiri shuki, Rossiya "Islomiy davlat"ni emas, Suriya Prezidenti Bashar Assadga qarshi kurashayotgan kuchlarni nishonga olmoqda.

Mogerinining aytishicha, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Qo'shma Shtatlar BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari asosida ish ko'rib, harakatlarini muvofiqlashtirishi zarur.

"Aks holda harbiylarning to'qnashuv ehtimoli mavjud", - deydi u.

Bugun Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Suriyadagi vaziyatni muhokama qilib, mojaroga siyosiy yechim topish yo'llari xususida fikr almashgan.

Yevropa Kengashi bayonot chiqarib, Rossiyadan Suriyada mo'tadil isyonchilarni nishonga olishni to'xtatishni talab qildi.

Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, so'nggi 24 soat ichida Suriyada 53 nishonga havodan zarba berilgan. Idlib va Latakiya viloyatlarida "Islomiy davlat" tayyorgarlik lagerlari, yerosti bunkerlari, qurol omborlari nishonga olingani aytilmoqda.

AQSh Prezidenti Barak Obama kecha mahalliy telestansiyaga bergan intervyusida Rossiya Assadni hokimiyatda saqlashga urinayotganini aytdi.

"Suriya Rossiyaning mintaqadagi yagona ittifoqchisi edi. Putin Suriyadagi Rossiya harbiy bazasini ushlab qolish maqsadida shu ittifoqchisiga yordam bermoqda", - dedi Obama.

Prezident Putinning Rossiya matbuotiga bergan intervyusida aytishicha, Suriyadagi amaliyotdan maqsad qonuniy hukumatni barqarorlashtirib, siyosiy murosaga erishish uchun qulay sharoit yaratish.

Qo'shma Shtatlar Suriyada isyonchilarni tayyorgarlikdan o'tkazish va jihozlashga qaratilgan tashabbusi ish bermaganiga ishora qilib, o'tgan hafta dasturni yopishga qaror qildi. Obama dastur natija bermasligini boshidan bilganini aytadi.

"Biroq biz Suriyaga doir strategiyamizda turli usullarni qo'llab ko'rishimiz kerak", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG