Breaking News

Yevropa Ittifoqi: Rossiya - bosqinchi, Qrimni tark etishi kerak


Qrimdagi rus askarlari
Qrimdagi rus askarlari

Yevropa Ittifoqi parlamentida Qrimga oid rezolyutsiya qabul qilinib, mintaqada inson huquqlari tinimsiz buzilmoqda va yarimorol Ukrainaga qaytarilishi lozim, deyiladi. Buning uchun xalqaro muzokaralarni boshlash tavsiya qilinadi. Qrim-tatarlar Milliy majlisi rezolyutsiya Qrimni Rossiya bosqinidan ozod qilishga ko'mak beradi, degan umidda.

Rezolyutsiya bilan chiqqan arboblar nazarida Qrim yarimorolining tub aholisi bo'lgan tatarlarning huquqlari keskin poymol etilmoqda, so'z erkinligi cheklangan, ommaviy yig'ilishlar o'tkazish erkinligi toptalmoqda.

Qrim hukumati rahbari Sergey Aksenov Yevroparlament rezolyutsiyasini okean ortidan berilgan buyurtma deya baholab, Rossiya tarkibidan chiqish muhokama qilinmaydigan mavzu, degan.

Qrim-tatarlar Milliy majlisi, Ukraina ommasi va Prezident Petro Poroshenko bu rezolyutsiyani olqishladi. Qrim-tatarlar lideri Mustafo Jemilev fikricha, bu hujjat yarimorolni ozod qilish harakatiga turtki beruvchi muhim qaror.

Ukraina hukumati “Qrim deokkupatsiyasi” rejasini e'lon qilgan va unga ko'ra, Qrim kuch orqali emas, muloqot yordamida qaytariladi.

Milliy Majlis faoli Erfan Quddusov deydiki, Qrimda hozir totalitar boshqaruv hukmron. Huquqiy demokratik institutlar vayron qilingan. Bunday sharoitda adolat haqida gapirish mumkin emas, deydi u.

“Gap shundaki, bosqindan keyin yarimorolda mutlaqo Rossiyaning huquqiy boshqaruvi o'rnatildi. Kuch ishlatar tizimlar, qurolli kuchlar aholini allaqachon qo'rqitib qo'ydi. Barcha demokratik jarayonlar vayron qilindi. Bunday sharoitda Qrimni referendum o'tkazish orqali yoki boshqa bir huquqiy tizimlar orqali qaytarish juda qiyin. Bu faqat xalqaro bosim, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar, xalqaro miqyosdagi muzokaralar orqali bo'lishi mumkin”, - deydi Erfan Quddusov.

4-fevral kuni Yevroparlamentda qrim-tatarlar masalasi ko'rilar ekan, Qrimda Milliy majlis raisi o'rinbosari Ahtam Chiyg'oz ustidan mahkama ishi davom etdi.

Bir yildan oshiq hibsda qolayotgan Chiyg'oz okkupatsiya paytidagi noqonuniy namoyishlarda ishtirok etganlikda ayblanmoqda. Sud advokatning hibs chorasini bekor qilish haqidagi arizasini qanoatlantirmagan. Hibs muddati 8-martga qadar uzaytirilgan.

Mahkamani kuzatgan faollar Axtam Chiyg'ozni suddagi nutqidan audioyozuvlar tarqatishgan.

“Meni qrim tatari sifatida garovda ushlab turishibdi. Ukraina fuqarosi ekanligim, Qrimni tark etishim mumkinligi bahonasi bilan hibsdan chiqarishmayapti. Ammo mening pasportim, hujjatlarim hammasi tergov qo'mitasida. Ha, men Ukraina fuqarosiman va buni jinoyat deb hisoblamayman. Haqiqatda esa bu ayblovlarning hammasi siyosiy. Meni garovda ushlab turishibdi xolos. Bu hibs bilan butun xalqni qo'rqitishmoqchi”, - degan Chiyg'oz audio yozuvda.

Qrim-tatarlar Rossiyadan norozi ekan, Kreml ularni "sotqinlar" sifatida ta'riflashda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG