Ukraina parlamenti qrim-tatarlar 1944-yilda yoppasiga deportatsiya qilinganini genotsid deb tan oldi. 18-may Ukrainada Xotira kuni deb belgilanadi.
Qrim-tatarlar Milliy Majlisi raisi Refat Chubarovga ko'ra, minglab aholi umriga zomin bo'lgan bu qatag'onlar xalqaro misqyosda ham genotsid deb tan olinishi lozim.
Ukraina parlamenti tasdiqlagan rezolyutsiyada tatarlarning ona vatani Qrimda milliy madaniyat, an'analar yo'qotilgani ta'kidlanadi. Milliy Majlis bu masalani ko'p yillardan buyon ko'tarib kelayotgan edi.
Majlis raisi, deputat Refat Chubarov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda tarixiy haqiqat tiklanganini aytadi.
“So'nggi 25 yil davomida tarixiy vatanlariga ko'chib kelgan qrim-tatarlarning Ukraina hukumatidan talablari boshidanoq aniq edi. Birinchisi, Qrimda milliy haq-huquqlar tiklanishi ko'zda tutilgan muxtor respublika tashkil etish. Ikkinchisi, xalqimizga nisbatan jinoyatlar, millat boshdan kechirgan og'ir fojealarni xalqaro qonunlar doirasida belgilash, ifodalash. Dastlabki talabimiz, qrim-tatarlarning 1944-yilda surgun qilinishini insoniyatga qarshi jinoyat sifatida e'tirof etish lozimligi edi. Ammo Ukraina siyosatchilari ancha vaqt bu talabga e'tibor qaratishmadi. Ukraina [hududi] Rossiya tomonidan ishg'ol qilindi, siyosatchilar tatarlar haq-huquqlari ahamiyatini yaxshiroq anglay boshlashdi. Ukraina parlamentining genotsid haqidagi qarori shuning natijasi. Biz bu qarordan mamnunmiz. Surgunda vafot etgan vatandoshlarimiz xotirasi uchun, tarixiy haqiqat tiklanishi uchun bu juda muhum”, - deydi Refat Chubarov.
Qrim-tatarlar natsistlar bilan hamkorlikda gumon qilinib, 1944-yilda Stalin buyrug'i bilan o'z vatanidan badarg'a qilingan. Bir kechada mol-mulki, uy-joyidan ajragan minglab tatarlar yuk vagonlarida asosan Markaziy Osiyoga, aksariyati O'zbekistonning cho'l zonalariga quvilgan.
Milliy Majlis tadqiqotlariga ko'ra, ommaviy qatag'on, yo'l mashaqqatlari, noinsoniy sharoitlarga mahkumlik 2 yil ichida 46 foiz aholi umriga zomin bo'lgan. Qrimda yodgorliklar, madaniyat yo'qotilgan, mol-mulk talon-taroj qilingan.
Refat Chubarovning aytishicha, bu qatag'onlarni genotsid deb tan olish borasida dunyo davlatlariga murojaat ham bitilmoqda.
“O'tmishda qrim-tatar xalqi boshiga tushgan musibatlarni ifoda etish bilan birga bu qarorning yana bir muhim jihati bor. Bugun Rossiya bosqinchilari tomonidan qrim-tatar xalqi boshiga yog'ilayotgan tazyiqlar, huquqlari oyoq osti qilinayotgani, Milliy Majlisga, Qurultoyga bo'layotgan bosimlar... bularning hammasi etnotsid ekanligini ko'rsatuvchi band kiritilgan. Ya'ni o'tmishdagi qatag'on genotsid, bugungi tazyiqlar etnotsid. Umid qilamizki, qardosh davlatlar, AQSh, Yevropa Ittifoqidagi demokratik davlatlar ham buni qo'llab-quvvatlashdi”, - deydi Chubarov.
Qrim Rossiya tarkibiga qo'shib olinishidan so'ng qrim-tatarlarga nisbatan tazyiqlar kuchaygan. Mahalliy hukumat Milliy Majlisni ekstremistik tashkilot sifatida taqdim etmoqda.
Majlis raisi Refat Chubarovning avvaliga Qrimga kirishi taqiqlandi. Unga nisbatan jinoiy ish ochilishi ortidan esa bu taqiq bekor qilingani e'lon qilindi.
Ayni paytda Milliy Majlis faollaridan iborat bir necha kishi Qrimda milliy nizo qo'zg'ash va zo'ravonlik harakatlarida ayblanib, hibsda saqlanmoqda. Tatar tilidagi televideniye va axborot nashrlari o'z faoliyatini Kiyevga ko'chirishga majbur bo'lgan