Breaking News

Rossiyaga qarshi yangi sanksiya Yevropaga ham zarar bo'ladimi?


Ukraina va Yevropa rahbarlari
Ukraina va Yevropa rahbarlari

Rossiya Ukraina sharqidagi vaziyatni yumshatishga hissa qo’shmasa, Vashington uni yangi sanksiyalar bilan siylashi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Tahlilchilarga ko’ra, bu holat Yevropa Ittifoqini noqulay ahvolga solmoqda. 28 mamlakat a’zo blok Rossiya bilan kattaroq iqtisodiy urushdan o’zini asrashga va bu bilan yevropalik kompaniyalar manfaatlarini tahdid ostiga qo’ymaslikka harakat qilmoqda.

Yevropa mamlakatlari orasida ayniqsa Germaniyaning Rossiya bilan iqtisodiy aloqalari kuchli. Germaniya Rossiyadan ko’p neft va gaz oladi, nemis kompaniyalari bu mamlakatda keng quloch yozgan. AQShning yangi sanksiyalari ularning manfaatlariga putur yetkazishi mumkin.

Shu sababdan bo’lsa kerak balki, Germaniya kansleri Angela Merkel AQSh rasmiylari bilan muloqotlarida Rossiyani jazolash masalasida ehtiyotkor siyosat yuritishga chaqirib kelgan edi. Kuzatuvchilarga ko’ra, Merkel Putin yon berib, Ukraina mojarosini yumshatishga qaratilgan takliflarni qabul qilishiga umid qilgan.

Biroq Rossiya prezidenti bahorda Qrimga rus qo’shinlarini yuborganini ochiqchasiga tan olgach, Merkelning unga bo’lgan ishonchi pasaydi.

Londondagi “Chatxem Xaus” tahlil markazida Rossiya va Yevrosiyo dasturi bo’yicha mutaxassis Jon Lofning aytishicha, Germaniya endi Rossiyaga bosimni kuchaytirishga kirishadi.

"Nemislar Rossiyaning xulqi va Qrimni o’ziga qo’shib olishidan hamda buning natijasida vujudga kelgan beqarorlikdan yoqasini ushlashdi. Ular Rossiya ikki xil o’yin o’ynayotganini ko’rib turishibdi. Birinchidan, Putin tinchlik jarayonini qo’llab-quvvatlamoqda va shu bilan birga Donbassda mojaroni yumshatish uchun deyarli hech narsa qilmayapti", - deydi tahlilchi.

Shu sabab, deydi Lof, Yevropa Ittifoqi qo’shimcha sanksiya qo’llashi mumkin. Biroq jazo choralarining qanchalik qattiq bo’lishi hozircha ma’lum emas.

Obama ma’muriyati Amerika moliyaviy institutlarining Rossiyadagi ayrim yirik banklar bilan aloqasini taqiqlamoqchi, Rossiyaning energetika va mudofaa sohalari bilan shug’ullanuvchi kompaniyalariga texnologiyalarni uzatishni hamda bu firmalar bilan ish qilishni bas qilishni ko’zda tutmoqda.

Bu choralar Yevropa Ittifoqiga ham qimmatga tushishi mumkin.

Tashkilot Rossiyaning eng yirik savdo hamkori bo’lib, Rossiya eksportlarining deyarli yarmi, ya’ni 292 milliard dollar unga a’zo mamlakatlarga to’g’ri keladi. Rossiya esa Yevropa Ittifoqining uchinchi yirik savdo sherigi bo’lib, a’zo mamlakatlardan jami 169 milliard dollarlik tovar va xizmatlar xarid qiladi. Bundan tashqari, qit’aning gazga bo’lgan ehtiyojlarining chorak qismi Rossiya yonilg’isi hisobiga qoplanadi.

Bunday yaqin oldi-berdiga qaramay, deydi tahlilchi Lof, ittifoq ayrim sanksiyalarni kiritishga majbur bo’ladi.

"Agar Rossiya Ukraina mojarosiga yechim topish jarayonida faol bo’la boshlamasa, jazo choralariga uchrashi aniq. Sanksiyalar tor qamrovli bo’ladi. Moliya sohasini nishonga olmasligi mumkin, ammo shu kungacha bo’lganidek, ba’zi shaxslarni qora ro’yxatga qo’shish bilan ham cheklanmaydi", - deydi londonlik ekspert.

“Chatxem Xaus”ning yana bir tahlilchisi Jeyms Niksiga ko’ra, sanksiyalar qo’llangan taqdirda ham Putin o’ylagan rejasidan qaytmaydi.

"Putin Putinda. KGB polkovnigi bo’lgan. O’ziga yarasha dunyoqarashi bor. G’arb iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan bir nechta sanksiya uni maqsadidan qaytara olmaydi. U Ukrainani sharqni g’arbdan ajratuvchi chegaraning sharqiy hududi sifatida saqlab qolmoqchi", - deydi Niksi.

Unga ko’ra, Rossiya Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishda davom etadi. Qo’shni respublikaning siyosiy va iqtisodiy muammolarini hisobga olganda bu qiyin vazifa bo’lmaydi, deydi Niksi.

"Yaqin kelajakda Ukrainaning g’arbiy qismi farovon, liberal, demokratik va rivojlangan bo’lishiga ko’zim yetmayapti", - deydi tahlilchi.

Kreml qarshiligiga qaramay, Yevropa Ittifoqi juma kuni Ukraina, Moldova va Gruziya bilan integratsiya xususida bitim imzolab, ularni g’arb tomon tortdi. Bu esa, deydi tahlilchilar, Putinning Ukrainani hozirgi inqiroz holatda ushlab turishga qaratilgan qat’iyatini yanada kuchaytiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG