Breaking News

AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar oqibatlarini o'rganmoqda


Prezident Barak Obama
Prezident Barak Obama

Obama ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi va qattiqroq sanksiyalarni hozirlamoqda. Qo’shma Shtatlar prezident Vladimir Putinni Ukraina masalasida gapdan ko’ra ko’proq amaliy qadam qo’yishga chaqiryapti. AQSh Rossiyani Ukraina sharqidagi mojaroni yumshatishni istamayotganlikda ayblamoqda. Yangi sanksiyalar Amerika va Yevropa kompaniyalariga salbiya ta’sir qilishi mumkinmi?

Oq uy rasmiylarining aytishicha, yangi sanksiyalar Rossiyaning bank, energetika va mudofaa sohalarini nishonga oladi.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Rossiya Ukraina chegarasida harbiy salohiyatini oshirib, Ukraina sharqidagi separatistlarni qo’llab-quvvatlashda davom etmoqda. Sanksiyalar chorshanba kuni e’lon qilinishi kerak edi, ammo AQSh davlat kotibi Jon Kerri Bryusselda NATO tashqi ishlar vazirlari majlisida ularning kechiktirilishi haqida ma’lum qildi.

Prezident Obama qaror qabul qilishdan oldin Yevropadagi ittifoqchi davlatlar bilan bu masalada gapimiz bir joydan chiqishi kerak, dedi.

Kerrining aytishicha, Rossiya Ukrainadagi isyonchilarni qurol va ko’ngillilar bilan ta’minlashni bas qilishi, separatistlarni qurollarini topshirishga undashi lozim.

"Rossiya tinchlik jarayoni va Ukraina barqarorligiga sodiq ekanini namoyish etmaguncha, AQSh va Yevropa uni jazolashda, qattiqroq iqtisodiy sanksiyalar qo’llashda davom etishga majbur bo’ladi. Ammo bu Rossiya va uning rahbari kelasi bir necha kun va hafta ichida tanlagan yo’lga bog’liq", - dedi Kerri.

Sanksiyalarning e’lon qilinmay turganiga Putin pozitsiyasining yumshagani sabab qilib ko’rsatilmoqda. Shu hafta u parlamentning yuqori palatasidan Ukrainada Rossiya qurolli kuchlarini ishga solish haqidagi qonunni bekor qilishni so’radi.

Bundan tashqari Obama ma’muriyati AQSh va Yevropadagi kompaniyalar qarshiligiga uchramoqda. Ular yangi sanksiyalar Rossiya bilan kuchli iqtisodiy aloqalarga putur yetkazishidan xavotirda.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, prezident Obama hozir bu masalada Yevropa rahbarlari bilan maslahatlashmoqda.

"Davlatlarning milliy manfaatlarini hisobga olish lozim. Prezidentimiz bu va kelajakdagi sanksiyalar barcha ittifoqchilarimiz bilan birga harakat qilsakkina natija berishini yaxshi tushunadi", - deydi Ernest.

Amerika kompaniyalari Rossiya bilan ishlash qiyinlashishi haqida tobora balandroq ovoz bilan gapirmoqda.

Vashingtondagi Milliy ishlab chiqaruvchilar uyushmasi tayyorlagan reklamada AQSh qonunchilari taklif etayotgan sanksiyalarning Amerika manfaatlari, ishlab chiqaruvchilariga zarar ekani, ish o’rinlarining qisqarishiga yetaklashi aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG