Breaking News

Poroshenko Rossiyadan Qrimni qaytarishni talab qildi


Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Rossiyani u taklif qilgan tinchlik rejasini so’z bilan emas, amalda qo’llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

Fransiyada, Yevropa Kengashining Parlament Assambleyasi oldida so’zlagan Poroshenko ta’rificha, Rossiya regional tinchlikni barbod qilgan “agressor”.

Uning aytishicha, Qrim Ukrainaga qaytarilmas ekan Rossiya bilan normal munosabatlar haqida gapirish o’rinsiz.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ham Kremlni tez fursatda Ukrainadagi bo’lginchi kuchlarni qurolini tashlashga chaqirishga undadi.

Kerri mavzuni bugun Parijda Tashqi ishlar vaziri Loren Fabius bilan muhokama qilgach, ikkala davlat pozitsiyasini bayon qildi, ya’ni Rossiya separatistlarlarni murosaga ko’ndirish uchun astoydil harakat qilayotganini namoyish etsin.

Obama ma’muriyatining bildirishicha, Kreml mojaroni hal qilishga hissa qo’shmas ekan, Rossiya yangi sanksiyalar bilan yuzlashadi. Ayni vaqtda Yevropa davlatlari va AQSh kompaniyalari ham bosimni oshirishi mumkin.

Yangi choralar bank-moliya, energetika va mudofaa sanoatiga qaratiladi, deydi Oq uy rasmiylari.

Ammo Amerika biznes yetakchilari bir tomonlama sanksiyalarga qarshi chiqmoqda. Birinchi navbatda AQShning o’zi ulardan ziyon ko’radi, minglab odam ishidan ayriladi, deydi ishlab chiqarish sanoati egalari.

Rossiya bilan yaqin hamkor bo’lgan Yevropa rahbarlari ham jazo choralariga xayrixoh emas.

So’nggi xabarlarga qaraganda, prezident Vladimir Putin Ukraina va isyonchilar o’rtasidagi bir haftalik sulh bitimini monitoring qilish va uzaytirish borasida Germaniya va Fransiya bilan maslahatlashib olgan.

Kiyev nazarida, hozir Putin oldidagi eng asosiy vazifa – Ukraina sharqiga qurol-aslaha yetkazilishini to’xtatish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG