Breaking News

Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Dushanbe va Ashgabatda bo'ldi


Ketrin Eshton - Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi
Ketrin Eshton - Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi
Ketrin Eshton - Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi bugun Ashgabatda bo'lib, muzokaralar olib borgan.

Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan muloqot ketidan diplomat shunday bayonot berdi:

"Yevropa Ittifoqi Turkmanistonda iqtisodiy va siyosiy islohotlar jadallashishi tarafdori. O'tgan yilgi prezident saylovlari ketidan e'lon qilingan yangi islohot dasturini quvvatlaymiz. Ular, nazarimizda, Turkmaniston xalqining uzoq muddatli manfaatlarini ko'zlaydi. Biz qonun ustuvorligi va adliya sohasini isloh qilishda birga ishlashni muhim vazifa deb hisoblaymiz".

Ketrin Eshtonning aytishicha, inson huquqlari - muloqotning ajralmas qismi. Nafaqat Turkmaniston, balki barcha hamkor davlatlar bilan, deydi u, qo'shni respublikalarga ishora qilib.

Ashgabatdagi uchrashuvlarda xavfsizlik, energetika va suv masalalari ham tilga olingan. Shuningdek, Afg'onistondagi vaziyat va Turkmaniston xalqaro koalitsiyaga qay jihatdan yordam berayotgani xususida ham gaplashilgan. Yonilg'i ta'minotida Turkmanistonning hissasi katta.

Tojikistondagi uchrashuvlarda esa Yevropa Ittifoqi bosh diplomati prezident Imomali Rahmonni respublika Jahon Savdo Tashkilotiga kirgani bilan qutlagan.

Energetika va suv bilan bog'liq muammolar muhokama qilingan. Eshtonning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi Tojikiston yuzlashayotgan qiyinchiliklarni tushunadi. Blok Jahon Banki yordamida chigal jumboqlar yechiladi, degan umidda.

"Tojikiston Afg'onistondagi ahvoldan xavotirda ekani, bu uning xavfsizligiga raxna solayotganini ham tan olamiz",- deydi Ketrin Eshton.

2014-yildan keyin, xalqaro koalitsiya afg'on zaminidan chiqib ketgach, hamkorlik to'xtamaydi ham, susaymaydi ham, deydi diplomat.

Uning ta'kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda chegara xavfsizligi, qoradori savdosiga qarshi kurash bobida birga ishlashda davom etadi va mintaqaviy tijorat rivojlanishi uchun hissa qo'shadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG