Oq uy Donald Trampning prezident sifatidagi ilk xorijiy safarini ulkan muvaffaqiyat deb atab, to'qqiz kunlik sayohatini Amerika uchun bebaho yutuq deya talqin qilmoqda.
Prezident Tramp Italiyada AQSh qo'shinlari oldida so'zlar ekan, ittifoqchilar bilan aloqalar a'lo, deya da'vo qildi.
Biroq Yevropa Ittifoqi va uning rahbarlari bunday fikrdan juda yiroq. Germaniya Kansleri Angela Merkel fikricha, Tramp ma'muriyati va Britaniyaning blokdan chiqayotgani ikki yirik tahdiddir. Uning nazarida Tramp siyosati aloqalarni barbod qilishi mumkin. Amerika o'z global vazifalarini chetga surib, faqat o'zining foydasini o'ylaydigan tuzumga aylanishga urinayotgandek.
Merkel deydiki, tomonlar bir-biriga tayanadigan kunlar ortda qolgandek tuyulayapti, ayniqsa so'nggi oylar ichida.
Germaniya va Yevropa o'z kelajagi uchun avvalo o'zi kurashishi kerak, deydi kansler. Ittifoqchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish buning muhim bir qismi.
Tramp bilan muloqotdan keyin Yevropa rahbarlari Amerikaga oldingidek suyana olmasliklarini tushunib yetmoqda. Vashington ishonchli hamkor emas, deydi ular. Yevropa axborot vositalari va matbuotida chiqayotgan tahliliy maqolalardagi asosiy mavzu va xulosa shu.
Tramp safari rishtalarni yumshatadi, degan umidlar bor edi, deydi diplomatlar, ammo soatlab uchrashuvlarda Amerikaning yangi rahbari bilan deyarli hech kim til topisha olmadi. Savdo, xavfsizlik, Suriya, Rossiya, Ukraina va boshqa muhim masalalarda yakdillik kuzatilmadi.
Tramp qayerga bormasin, Amerika manfaatlari hamma narsadan ustun qo'yiladi, deya qayd etdi. Har bir davlat o'z manfaatlariga ega va o'zini o'ylaydi, deya tan oladi Yevropa rasmiylari, lekin hamkorlar bilan muloqot mushtarak manfaatlarga asoslanadi, buni unutmaslik kerak.
VIDEO: AQSh-Fransiya, Tramp Makron bilan uchrashdi
Yevropa va Amerika iqlim bilan bog'liq muammolar yuzasidan turlicha pozitsiyada. Katta Yettilik sammitida bu borada kelisha olishmadi. Qochqinlar masalasini qanday hal etish, shuningdek, Afrikadagi vaziyat, savdo va tijorat borasida ham olg'a siljish yo'q.
Prezidentlar va bosh vazirlar hatto suratga tushayotganida Trampdan uzoqroq turishga harakat qilganini hisobga olsak, deydi tahlilchilar, yirik davlatlar siyosiy murosadan juda yiroq.
Facebook Forum