25-may kuni Bryusselda NATOning yangi qarorgohiga tashrif buyurgan AQSh Prezidenti Donald Tramp alyans majlisiga to'plangan a'zo mamlakatlar rahbarlarini NATO byudjeti, mudofaaga yetarlicha pul ajratmayotganlikda ayblab koyidi. Unga ko'ra, tashkilot terror tahdidi bilan faol shug'ullanishi kerak.
“Terrorizm va immigratsiyaga, Rossiya tahdidi, NATOning sharqiy va janubiy chegaralari xavfsizligiga katta e'tibor qaratish zarur. NATO a'zolari moliyaviy majburiyatlaridan bo'yin tovlamasligi kerak", - dedi Tramp.
Uning aytishicha, 28 a'zo mamlakatdan 23 tasi tovon pulini keragidan kamroq to'lamoqda, bu esa Amerika xalqiga nisbatan adolatsizlikdir.
Bu o'rtada Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey Tramp bilan uchrashuv chog'ida Manchesterda ro'y bergan terror xuruji bilan bog'liq tergovga oid ma'lumotning matbuotga uzatilgani xususida gaplashgan.
Meyning aytishicha, AQSh va Britaniya o'rtasidagi mudofaa va xavfsizlik bo'yicha sheriklik o'zaro ishonchga asoslangan bo'lib, ikki mamlakat razvedkasi ma'lumot almashishda e'tiborliroq bo'lishi zarur.
Tramp vazirliklardan matbuotga ma'lumotlarning yashirin uzatilayotganini katta muammo deb atab, Adliya vazirligi va tegishli idoralarga masalani tergov qilishni, aybdorlarni jazolashni buyurdi.
Matbuotdagi xabarlarga ko'ra, Manchester xurujini tergov qilayotgan britan politsiyasi ma'lumotlarning matbuotga oshkor etilganidan g'azabga kelib, amerikalik hamkasblari bilan axborot almashishni vaqtincha bas qilishga qaror qildi.
Oshkor etilgan ma'lumotlar asosida AQSh matbuoti xurujga qo'l urganlikda gumon qilinayotgan shaxsning ismini Britaniya rasmiylaridan oldin ma'lum qildi. Manba sifatida Amerika rasmiylari keltirilgan. Bundan tashqari, "Nyu-York Tayms" gazetasi xuruj sodir etilgan joyda politsiya suratga tushirgan tasvirlarni ruxsatsiz chop etgan.
Qo'shma Shtatlar ma'lumotlarni oshkor qilmaslikka kafolat bermaguncha britan politsiyasi okeanorti hamkasblari bilan hamkorlik qilmoqchi emas.
Juma kuni Tramp Italiyaning Sitsilliya orolida bo'lib, Katta Yettilik sammitida qatnashadi.
Facebook Forum