Breaking News

BMT: Parij xurujlarida islom aybdor emas


“Sharli Ebdo” satirik haftanomasi tahririyatiga qilingan hujum dahshatli, ammo uni tahlil qilishdan avval bizga biroz sokinlik zarur, dedi BMTning inson huquqlari bo’yicha maxsus vakili Zeyd Raad Al-Hussayn. 12 odam hayotiga zomin bo’lgan bu voqeaga islomning aloqasi yo’q, deydi u. Ammo Yevropadagi musulmonlar allaqachon hujumning salbiy oqibatlarini his qilmoqda.

"Bizga tinchlik va osoyishtalik kerak. Qasos olish emas. Islom ham, Yevropadagi ko’p madaniyatlilik ham ikki kun avval ro’y bergan qonli hujumlar uchun mas’ul emas, garchi ayrim o’ng qarashdagi siyosiy arboblar shunday deb hisoblasa ham”, - deydi Zeyd al-Hussayn.

Darhaqiqat, ayrimlar Yevropadagi ko’p millatlilik va tolerantlikka oid muvaffaqiyatsiz siyosatni hujumlarga asosiy sabab, degan fikrni bildirmoqda. Ular orasida Britaniyaning UKIP partiyasi rahbari Nayjel Faraj bor. Germaniyadagi PEGIDA siyosiy guruhi ham Parij xurujlaridan so’ng musulmonlarni demokratik hokimiyat yurita olmaslikda aybladi.

Fransiyada esa Milliy Front harakati rahbari Marin Le Pen islomchilikni “qotillar mafkurasi” deb atadi.

Ayni paytda Yevropada yashovchi musulmonlar ko’chalarga chiqib, hujumlarni keskin qoralamoqda.

“Bu ishni amalga oshirganlar musulmon bo’lsa, islom yo’lidan adashgan. So’z bilan haqorat qilgan odamga so’z bilan javob berish kerak”, - deydi Fransiyada yashovchi Usama ismli misrlik yigit.

Jazoirlik Mas’ud ham unga qo’shiladi.

“Qo’rquv kuchli. Bizni hujum uchun mas’ul deb atashlari qo’rqinchli,” – deydi u.

Londondagi Qirol kollejidan islomshunos olim Kerul Kerstinga ko’ra, bundan buyon Yevropada musulmonlarga qarshi kayfiyat kuchayadi. Nafaqat radikal qarashdagi musulmonlar, balki barcha musulmon jamoalariga munosabat salbiy tarafga o’zgaradi, deydi u.

“Aksariyat musulmonlar orasida Parij fojeasi nafaqat musulmon jamoalari obro’siga, balki ularning Yevropa jamiyatlaridagi o’rniga salbiy ta’sir qiladi, degan qo’rquv va tashvishlar kuchli”, - deydi u.

Hujumga bo’lgan munosabatni o’rganish uchun ayrim Yevropa axborot agentliklari ekstremistlar veb sahifalarini kuzatib bormoqda.

Shvetsiya teleradiokompaniyalaridan biri shu mamlakat jihodchilari tomonidan yuritilishi aytiladigan yopiq “Facebook” guruhiga kirishga muvaffaq bo’lib, “Sharli Ebdo” tahririyatiga qilingan hujumni qo’llab-quvvatlovchi odamlar borligini aniqlagan.

Hujumlarni yoqlagan musulmonlar bor, ammo payg’ambarni hajviy ravishda tasvirlashga keskin qarshi bo’lganlar orasida muammoni hal etish yo’llari yuzasidan qarashlar bir xil emas, deydi Kerstin.

“Ya’ni dinni haqoratlagan odamlarning o’limga mahkum etilishi noto’g’ri, demoqda ko’plar. Hatto radikallar orasidagi bir guruh dinni haqoratlash, qoralash, qora bo’yoq bilan bo’yashga qarshi qonuniy chora ko’rish yoki qonunlarni o’zgartirish kerak, degan fikrda”, - deydi tahlilchi.

Kerstinga ko’ra, Parijdagi otishmadan so’ng jamiyatda turli qadriyatlarni uyg’unlashtirish, dinga hurmat hamda so’z erkinligi o’rtasidagi muvozanat mavzusida bahs-munozaralar kuchayadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG