Breaking News

Tahlilchilar: Yevropa Ittifoqida birdamlik yo'qolmoqda


Xalqaro hayot: Yevropa Ittifoqi bo'linish arafasidami?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:16 0:00

Yevropa Ittifoqi sust iqtisodiy o'sish, ishsizlik, siyosiy populizm, migrantlar oqimi, terror tahdidi hamda Rossiya agressiyasi kabi muammolar bilan yuzlashmoqda. Bu orada ayrimlar ittifoqning kelajagini savol ostiga olmoqda.

Yevropa siyosatdonlari ittifoqdagi integratsiyani velosipedga qiyoslashadi: u qulab tushmasligi uchun doim harakatda bo'lishi kerak. Ko'pchilik ittifoqning doim olg'a yurib turishiga ishonsa-da, so'nggi paytlarda uning sekinlashib qolganidan xavotir olayotganlar yo'q emas.

Britaniyaning ittifoqni tark etish uchun ovoz berishi, Polsha va Vengiyada millatchilikning kuchayishi, Germaniyada Kansler Angela Merkel mansub konservativ blokning saylovda bazo'r g'alaba qozonishi hamda o'ng qanot siyosiy guruhlarning faollashishi Bryusselda xavotirlarni kuchaytirgan.

"Yevropa tanazzulining boshlanishiga guvoh bo'lyapmizmi? Individual davlatlar va yopiq chegaraga ega mustaqil mamlakatlar paydo bo'lar", - deydi tahlilchi Charlz Kupchan.

Ekspert Jefri Gedmin fikricha, yevropaliklarni birlashtirib kelgan siyosiy va iqtisodiy hamkorlik tushunchasi yemirilib bormoqda.

"Ko'plab masalalar - globalizatsiya, texnologiya taraqqiyoti, terrorizm, Rossiya tahdidi, Amerikaning o'zini tortishi kabi muammolar bir paytda o'rtaga chiqdi", - deydi u.

Rahbarlar oddiy odamlar muammolarini hal qila olmayotgani ham xalqni norozi qilmoqda.

"O'rtada uzilish bor. Odamlar ortiq o'zlarini o'rta qatlam deb his qilmay qo'ydi", - deydi Kupchan.

"Yevropa ahamiyatini yo'qotmasin desa, xalq dardiga quloq tutsin", - deydi yana bir tahlilchi Stiven Szabo.

So'nggi yillarda millionlab muhojirlarning Yevropaga oqib kelishi mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni yanada og'irlashtirdi.

Ikkinchi jahon urushidan so'ng Yevropa AQShdan katta yordam olgan. Ammo hozir boshqa davr, deydi Szabo.

Tramp prezident etib saylangandan beri AQSh Yevropadan o'z muammolarini o'zi hal qilishini so'ramoqda.

"Trampdan keyin ham AQShning oxirgi 50-60 yilda kuzatilganidek konstruktiv rol o'ynashini kutish qiyin. Yevropaliklar uchun juda qiyin, taqdirlari endi o'z qo'llarida", - deydi tahlilchi.

Tahlilchilar bir fikrda yakdil: Yevropa muammolarni yashirish emas, hal qilish yo'lidan borishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG