2008-yilgi moliyaviy inqiroz davrida AQShda kam daromadli oilalar yashovchi mahallalar katta zarar ko’rgan, ko’plarning uylari kreditor-banklar tomonidan tortib olingan edi. Mahalliy hukumat va tashkilotlar hamda ko’ngillilar yordamida bu jamoalar qayta qurilmoqda.
Sobiq gangster Hasan Smit Chikago shahri mahallalarida quruvchilik qilib, o’z hayotini ham tiklamoqda.
“O’smirlik paytimda meni “quv” deb chaqirishardi, chunki qanday qilib suvdan quruq chiqishni bilardim”, - deydi u.
Hasan Smit 19 yoshida bir odamni otib o’ldirgan. Qamoqda 27 yil o’tirib chiqdi.
“Hammaning hurmatini joyiga qo’yganim uchun meni hurmat qilishardi. Shu ishni qildim, jazoni oldim”, - deydi u.
Smit bugun 60 yoshda, quruvchi bo’lib ishlaydi. Turmush o’rtog’i Meri bilan Chikagodagi mahallalardan birida yashaydi. Shu yerdan uy sotib olib, o’zlari ta’mirlashgan.
2008-yilgi ipoteka inqirozi mana shu kabi mahallalarni qaqshatgan. Yuzlab oilalar uyidan ayrilgan yoki uyini tashlab ketgan edi.
Smit qamoqdan ozod qilinganlar bilan ishlaydi, ularga yo’l ko’rsatadi.
“Oddiy odamman, boshqalarga yordam berishga harakat qilayapman. Chunki mening hayot yo’limda menga ko’mak beradiganlar kam uchragan. Shuning uchun boshqalarga yordamim tegsin deyman, ayniqsa mana shu yosh yigitlarga”, - deydi otaxon.
Quruvchilar mahalliy ruhoniylar bilan ham hamkorlik qiladi. Bo’shab yotgan uylarni ta’mirlash uchun mahalliy tashkilotlarga millionlab dollar grant berilgan.
“Odamlar bir yoqadan bosh chiqarsa, umidsiz vaziyatdan ham chiqish mumkin. Chikagodagi yana bir mahalla bo’shab yotishi mumkin edi, lekin bunday bo’lmadi”, - deydi ruhoniy Entoni Pitso.
Hasan Smit yashaydigan mahallada jinoyatchilik 2008-yildan buyon 45 foizga kamaygan.
Facebook Forum