Breaking News

Huquq tashkiloti Rossiyaga: O'zbeklarni Qirg'izistonga qaytarmang


"Human Rights Watch" Rossiya sudidan besh nafar o'zbek qochqinni Qirg'izistonga qaytarmaslikni so'ramoqda. Vatanda ular qiynoq, tazyiq bilan yuzlashishi mumkin.

Bu shaxslar Qirg'izistonda 2010-yilgi g'alayonlar yuzasidan qidiruvda. Rasmiy Bishkek ularning ekstraditsiya qilinishini talab qilmoqda.

Rossiya Bosh prokuraturasi xulosasiga ko'ra, ular vataniga qaytishi shart. Hibsdagilar masalani apellyatsiyaga yo'llagan va Rossiya sudlari ushbu ishlarni kelasi uch haftada hal qilishi kerak.

"Human Rights Watch"ning bildirishicha, Sankt-Peterburg shahar sudi bugun 35 yoshli Botir Turg'unov ishini, Tatariston Oliy sudi 25 yashar Vohid Aliyevning masalasini ko'rib chiqadi. 18-oktabrda Primorye o'lkasi sudi 52 yoshli Nabi Abdullayev taqdirini, 23-oktabrda Sankt-Peterburg shahar sudi 25 yoshli Mirodil Tojiboyev ishini ko'radi.

Moskva shahar sudi prokuraturaning ekstraditsiya haqidagi hukmini yoqlagach, 19 yashar Abdulaziz Hamroqulov Rossiya Oliy sudiga murojaat qilgan.

Bu shaxslar Qirg'iziston janubida 2010-yilgi to'qnashuvlar, jismoniy zo'ravonlik, mol-mulkka ziyon keltirish, qurolga noqonuniy egalik qilish va odam o'g'irlash kabi jinoyatlarda ayblanmoqda. To'rt nafari qonli olishuvlar ketidan darrov Qirg'izistondan chiqib ketgan, beshinchisi 2012-yilda mamlakatni tark etgan.

Rossiyada qamoqqa olingach, bari siyosiy boshpana so'rab ariza topshirgan, biroq Federal migratsiya xizmati bu murojaatlarni rad etgan.

"Human Rights Watch" tashkiloti 2010-2013-yillar oralig'ida janubdagi jinoiy tergov jarayonlarini kuzatib, hibsga olishlar, so'roqlar paytida qonunlar buzilgani, odamlar besabab ushlangani, asossiz qiynoqqa solinganini qayd etgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG