Breaking News

O'zga sayyoraliklarni qidirish bo'yicha ilmiy izlanishlar kuchaygan


1982-yil mashhur “O’zga sayyoralik” filmi dunyo yuzini ko’rgach, koinotda insondan o’zga jonli mavjudotlarni qidirishga qiziqish yanada ortdi. Yerdan boshqa planetalarda ongli jonzotlarning mavjudligi hali isbotlanmagan, ammo olimlar cheksiz koinotni tekshirishda davom etmoqda.
O'zga sayyoraliklarni qidirish
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00
Yuklab oling
O’zga sayyoraliklarni qidirish teleskop “ko’zlar” va “quloqlar” orqali amalga oshirilmoqda.

Gavayi universiteti professori Maykl Lyu olisdagi yulduzlar atrofida aylanadigan sayyoralarni aniqlashda optik teleskoplardan foydalanadi.

Uning aytishicha, shu paytgacha yerdagi teleskoplar uzoqdagi yulduzlarning aniq suratini ko’rsata olmagan. Chunki atmosferadagi yorug’lik bunga yo’l qo’ymagan. Ammo bugun sharoit boshqacha.

“So’nggi 15 yilda texnologiyada ro’y bergan yangiliklardan biri shuki, hozirgi teleskoplar moslanuvchan optika deb ataluvchi qurilmaga ega. Bu qurilma yer atmosferasidagi silkinishlarni aniqlab, suratlarni shunga moslab to’g’rilash imkonini beradi”, - deydi Lyu.

Professorning aytishicha, hozir yulduzlarning surati ilgariga qaraganda 10 barobar tiniqroq.

Tadqiqotchilar hozircha olisdagi planetalarni ko’rish imkoniyatiga ega emas. Ammo yulduzlar atrofida tortishish kuchining aniqlangani ularning mavjudligini ko’rsatadi. Shuningdek, yosh sayyoralardan taralayotgan issiqlik ularning fizik xususiyatlarini, masalan, qanchalik kattaligini, qancha energiya chiqarishini va qanday jismlardan tarkib topganini aniqlash imkonini beradi.

“Bizdagi mavjud har bir dalil yulduzlar atrofida planeta tizimlari ko’p uchrashini ko’rsatmoqda. Bizning quyoshga o’xshagan yulduzlar atrofida o’zimizning Yerga o’xshagan sayyoralar borligini aniqlashga juda yaqin turibmiz. Bir kuni ularni, albatta, topishimiz aniq”, - deydi tadqiqotchi Lyu.

Bohqa olimlar olis fazodan kelayotgan radioto’lqinlarni tutishda ulkan antennalardan iborat radioteleskoplardan foydalanmoqda.

Britaniya qirolligining O’zga sayyoraliklarni qidirish guruhiga Shotlandiyadagi Sent-Endryus universiteti professori Alan Penni rahbarlik qiladi. Tadqiqotchilar bu yerda barcha radioteleskoplarni birlashtirib, fazodan ongli mavjudotlarni qidiruvchi ulkan tarmoq bunyod etmoqchi.

Pennining aytishicha, shovqin va tabiiy signallar, odatda, tartibsiz bo’ladi, ammo aqlli jonzotlar tarqatadigan to’lqinlar aniq tuzilishga ega bo’lishi kerak. Olim biz bilan “Skype” orqali suhbatda bo’ldi.

“Tabiiy manbadan, yulduzlar yoki kvazarlardan bu narsa kutilmaydi. Masalan, osmonning suratini olib, undagi ranglarga qarasangiz va unda alohida o’tkir ranglar guruhiga ko’zingiz tushsa, bu soxta bo’lishi kerak, ya’ni kimdir uni ataylab qilgan”, - deydi professor Penni.

Ammo osmonning cheki ko’rinmaydi. Olimlar o’zga sayyoraliklarni qayerdan qidirishi kerak?

“Ular ham bizga o’xshab, boshqa planetalarda hayot kechirayotgan bo’lsa ajab emas. Ular kuchli radioto’lqinlar tarqatishi mumkin.

Teleskoplarimizni planetalar borligi aniqlangan yaqin atrofdagi yulduzlarga to’g’rilaymiz. O’tgan 10 yil davomida ana shunday yulduzlar atrofidan ko’plab sayyoralarni topdik”, - deydi olim.

Bunday tadqiqotlar xususiy donorlar mablag’i hisobiga moliyalanmoqda. Professor Penninig aytishicha, Angliyaning O’zga sayyoraliklarni qidiruvchi ilmiy guruhi keyingi ikki yil ichida to’liq ishga tushishi kutilmoqda. Inson zotidan boshqa jonli maxluqlarning mavjudligini aniqlashga qaratilgan harakatlar esa boshqa joylarda ham davom etadi. Chunki olimlar faraziga ko’ra, bu dunyoda tirik va aqlli mavjudotlar faqat biz emasmiz.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG