Amerika qishloq xo’jaligi dunyoda eng kattasi. Ayni damda dehqonlar va chorvadolarni quvvatlash bo’yicha yangi qonun loyihasi muhokamada. Illinoys shtatidamiz.
Jerald Tompson kuni bilan dalada. Asosiy e’tibori ob-havo va ekinda.
Kechqurun esa u siyosat haqida o’ylaydi. Uxlamay chiqqan paytlari bo’ladi.
“Vaziyat, nazarimda, hozir juda tarang”, - deydi u.
Jerald Donald Trampga ovoz bergan va undan hozircha rozi, lekin hukumatdan g’azabda.
“Tramp yaxshi tadbirkor. U qishloq xo’jaligini qadrlaydi. Biz uchun xizmat qilishiga ishonaman”, - deyd u.
Jerald boshqa millionlab amerikaliklar singari Kongressni samarasizlikda ayblaydi. Siyosatchilar zarur hujjatlarni vaqtida qabul qilmay, xalq dardiga befarq, deya noliydi u.
“Yangi qonun bizga judayam kerak”, - deydi fermer.100 milliard dollarlik subsidiyaga oid qonun loyihasi noyob ekinlar yetishtiradigan, kambag’al odamlarga arzon meva, sabzavot va go’sht mahsulotlari sotadigan dehqon va chorvadorlarni rag’batlantiradi. Fermerlarni har jihatdan qo’llaydi.
Biroq bunday qonunga qarshilar ko’p. Kongress shu bois uni ma’qullashga shoshmayapti. Shu bilan birga, boshqa hujjatlar ham chetga surilgan.
"Makka va no’xat yetishtiramiz. Bahosi juda tushib ketgan. To’rt yildirki, daromad qilmaymiz. Tirikchilik og’ir. Qonunchilarimizning esa e’tibori umuman boshqa narsalarda”, - deydi yana bir fermer.
Bir tomondan bozor chatoq, ikkinchi tomondan esa iqlim, deya noliydi Vendell Shoman. U soya ekadi. Bu yilgi hosilni yig’ish bilan band, lekin omborxonalari o’tgan yilgi mahsulot bilan to’la.
“Narxlar shu qadar tushib ketganki, hozircha sotmay turaylik, deb soyani zaxiraga tashlab qo’yganmiz. Lekin bozordan faqat shum xabar. O’tmayapti”, - deydi u.
Don mahsulotlarining bahosi ko’tarilmas ekan, dehqonlarga yordam bermay iloj yo’q, deydi mutaxassislar. Qishloq xo’jaligi azaldan subsidiyaga asoslangan.
“Dehqonlar siyosiy faollashishi kerak”, - deydi Shoman.
Jerald Tompson iqlimdagi o’zgarishlardan xavotirda.
“Tabiatni nazorat qila olmaysiz. Ob-havo yaxshi kelmasa, afsuski, holimiz voy”, - deydi u.
Ammo bu yil havo yaxshi bo’lmagani sabab don mahsulotlari kamroq yetishtirilishi mumkin. Bu esa narxni biroz bo’lsa-da ko’taradi, degan umid bor.
Facebook Forum