Breaking News

Hujjatsiz muhojirlar taqdiri Oliy sud qo'lida


Qo’shma Shtatlarga bolalik chog’ida olib kelingan taxminan 800 000 hujjatsiz muhojir taqdiri Oliy Sud qo’lida. Ularga mamlakatda ishlash imkonini beruvchi DAKA (DACA) dasturini Tramp ma’muriyati tugatishga haqlimi yoki yo’q? Kelasi bir necha hafta ichida hukm e’lon qilinadi.

Obama davrida boshlangan bu programmani Prezident Donald Tramp 2017-yildan buyon yopishga harakat qilib kelmoqda.

Immigrantlar huquqi uchun kurashuvchi tashkilotlar esa DAKAni yopish noqonuniy ekanini aytib, hukumatni sudga bergan. Kaliforniya, Nyu-York va poytaxt Vashingtondagi sudlar buyruq ijrosini vaqtincha to’xtatgan.

Immigrantlarga turli xil masalalarda yordam beruvchi “CASA de Maryland” tashkiloti xodimi Shelli Peskinning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Oliy sud qarori kutilar ekan, DAKA qatnashchilari hujjatlari va imtiyozlarini yangilab olishlari lozim.

DAKA dasturida ishtirok etish talablari:

  • Jinoiy tarixi yo’q
  • AQShga 16 yoshga to’lmasdan olib kirilgan
  • Tekshiruvlardan o’tgan
  • AQShda kamida besh yil yashagan

Dasturda ishtirok fuqarolikka yetaklamaydi.

Immigratsiya xizmati 4-iyungacha yopiq

Sud qarorlariga binoan AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmati (USCIS) DAKAda ishtirok etish muhlatini yangilash bo’yicha arizalarni qabul qilish va ko’rib chiqishda davom etadi.

“Ushbu agentlik oddiy rejimda ishlayotgan bo’lsa, arizalarni ko’rib chiqish to’rt oydan sakkiz oygacha vaqt oladi. Ammo pandemiyadan oldin jarayon ancha tezlashgan edi. Hujjatlarni bir oyda tasdiqlab qaytarishayotgan edi”, - deydi Peskin.

COVID-19 sababli immigratsiya xizmati 4-iyungacha yopiq bo’lsa-da, xodimlar yuzma-yuz muloqot talab qilmaydigan vazifalarini bajarishda davom etmoqda. Faollar DAKA qatnashchilarini hujjatlarini yangilab olishga da’vat etyapti.

Agar Oliy sud Tramp ma’muriyati qarorini asosli deb topsa, dastur yopilishi mumkin.

Aytish joiz, respublikachilar hukmron yetti shtat, jumladan Texas, DAKAni noqonuniy deya va uni yopishni so’rab, hukumatni sudga bergan. Ularning da’vo qilishicha, Obama ma’muriyati o’shanda Kongress maslahatisiz dasturni yo’lga qo’ygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG