Breaking News

O’sh shahrida Farg’ona savdo-iqtisodiyot forumi


Farg’ona savdo-iqtisodiyot forumi
Farg’ona savdo-iqtisodiyot forumi

Qirg’izistonning O’sh shahrida Farg’ona savdo-iqtisodiyot forumi bo’lib o’tdi. Vodiy tadbirkorlarining imkoniyatlari hamda hamkorlik yo’llarini muhokama qilish ko’zda tutilgan ushbu anjumanda qo’shni O’zbekiston hamda Tojiliston vakillari qatnasha olmadi. Mulozimlar bu holni forum tashkilotchilari bo’lmish nodavlat uyushmalar yo’l qo’ygan ba’zi kamchiliklar bilan izohlamoqda. Aytishlaricha, taklifnomalar rasmiy kanallar, tegishli davlat idoralari orqali barvaqt yuborilishi lozim edi.

Xo’sh, vodiyda an’anaviy savdo-sotiqni tiklash uchun nima qilmoq kerak? Qanday muammolar mavjud? Qanday chora-tadbirlar tez orada ishga oshirilishi va natija berishi mimkin?

Ushbu savollar bilan “Amerika ovozi” anjumanda qatnashgan qirg’izistonlik iqtisodchi va mulozimlarga murojaat etdi.

Iqtisodchi, tadqiqotchi Erkin Abdurazaqov fikricha, vodiyda uch mamlakat viloyatlari kirgan iqtisodiy zona tuzish masalasida Qirg’iziston tarafda uncha muammo yo’q. Aytaylik, Botken viloyati qo’shni Tojikistonning So’g’d va O’zbekistonning Farg’ona viloyati bilan ozmi-ko’pmi savdo-sotiq olib bormoqda.

Yaqinda Andijonda o’tkazilgan uchrashuvda O’zbekiston va Qirg’izistonning olti viloyati rahbarlari har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasida memorandum imzolagan edi. Iqtisodchi Abdurazaqov bunday hujjatlar amalda jiddiy kuchga ega emasligi, ular real kuchga ega bo’lishi uchun parlament va hukumat tasdig’idan o’tishi lozimligini aytadi.

Farg’ona savdo-iqtisod forumidan
Farg’ona savdo-iqtisod forumidan

Suhbatdoshga ko’ra, vodiyda samarali iqtisodiy hamkorlikni yo’lga qo’yish uchun tomonlarning mahalliy davlat idoralari ham tegishli vakolat bilan ta’minlanishi lozim.

Iqtisodchi deydiki, aholi zich joylashgan vodiyda chegaradosh o’lkalar qo’shma korxonalar tuzish yo’li bilan aholi bandligini ta’minlashi, tovar almashinuv usuli bilan aholi ehtiyojini qondirishi mumkin. Qolaversa, hamkorlikda chetga mahsulot chiqarish imkoniyati bor.

Qirg’iziston savdo-sanoat palatasining eksperti Mahmud Abduazimovning aytishicha, Andijon va O’shdagi uchrashuvlardan ruhlangan biznes ahli qo’shni o’zbekistonlik hamkasblar bilan tig’iz aloqalar o’rnatish payida.

“Savdo-sotiq uchun ham uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo’shni yaxshi”, - deydi ekspert.

O’sh viloyati gubernatorining o’rinbosari Ahmadjon Mahammadovga ko'ra, O’zbekiston hamda Tojikiston bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish uchun tegishli qonuniy baza tuzish lozim.

“Qirg’iziston a’zo bo’lmish Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi uchinchi mamlakatlar bilan ekonomik munosabatlar borasida o’z talablari, tartib-qoidalariga ega. Ushbu uyushmaga kirmagan O’zbekiston va Tojikiston bilan ikki tomonlama shartnomalar asosida hamkorlikni rivojlantirsak bo’ladi. Qolaversa, kelajakda har uch mamlakat a’zo bo’lmish Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida ham faol aloqalar, erkin savdo uchun keng ufqlar ochilishi kutilmoqda”, - deydi mulozim.

XS
SM
MD
LG