Qirg’iziston hibsdagi o’zbek militsionerini O’zbekistonga topshirgan. Ikki o’rtadagi bahsli hudud yuzasidan qalqqan navbatdagi tortishuv esa hali bosilganicha yo’q.
Qirg’iziston Ungartepada o’zbek militsionerlari joylashtirilganidan norozi. O’zbekiston esa Kosonsoy suv omboriga qo’yilgan qirg’iz chegarachilari posti olib tashlanishi talab qilmoqda.
Tomonlar taranglikni yumshatish uchun muzokara boshlagan. Qirg’iziston bilan chegarani yopgan O’zbekiston buni mustaqillik bayrami munosabati bilan izohlagan.
O’zbek-qirg’iz chegrasidagi navbatdagi tortishuv 13-avgust kuni Kosonsoy suv ombori yonida o’zbek militsionerini hibsga olinishidan boshlangan.
O’zbekiston tomoniga ko’ra, militsioner kuch bilan olib ketilgan, Qirg’iziston tomoniga ko’ra esa u chegarani noqonuniy kesib o’tgani uchun hibs qilingan.
Militsioner 10 kunlik hibsdan so’ng jarima bilan ozod qilingan va O’zbekistonga topshirilgan. Ammo ikki o’rtadagi chegaraviy taranglik hali bosilmagan, O’zbekiston tomoni bahsli hudud sanalayotgan Ugantepaga yetti nafar militsioner joylashtirgani qirg’iz tomonini noroziligiga sabab bo’lmoqda. O’z navbatida O’zbekiston Kosonsov suv ombori yaqinida joylashtrilgan qirg’iz chegara postlari olib tashlanishini talab qilmoqda.
O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasidagi bahsli hudud sanalayotgan Ungartepa, qirg’iz matbuoti tarqatayotgan ma’lumotlarga tayanilsa, Qirg’iziston sobiq prezidenti Kurmanbek Bakiyev tomonidan 2006-yildagi muzokaralar natijasida O’zbekiston chegarasi sifatida tan olingan, biroq bahsli bu hududda demarkasiya o’tkazilmagan.
Qirg’izistonga tegishli teleradio va telefon stansiyalari joylashtirilgan bu tepalik atrofida bahs o’ta qizg’in. Bu hudud atrofidagi ziddiyat Qirg’izistondagi ichki siyosiy kurashlarni ham chetlab o’tmagan.
Shu yilning mart oyida Ungartepa atrofida qalqqan tortishuvlarda qirg’iz muxolifati yetakchilari jiddiy faollik ko’rsatishgan. Prezident Atambayev muxolifatni chegaraviy ziddiyatlardan siyosiy maqsadda foydalanishda, Toshkentni esa bosim ko’rsatishda ayblab chiqqan edi.
“Chegaradagi vaziyatni keskinlashtirishga harakatlar bo’lgan. Menga aytishlaricha, siyosatdonlardan biri o’zbek chegarachilarini provakatsiya qilishga undagan. Ular javob bermagan, ya’ni vaziyatni izdan chiqarishni istayotganlar mamlakat ichkarisida ham ko’p. O’zbekiston bilan 50 ortiq bahsli hududlar bor. Shunday ekan bunday tortishuvlar yana bo’ladi, chunki qo’shnimida bosim ko’rsatishning boshqa usuli qolmadi. Ular ichkaridagi dushmanlarimizdan ham foydalanishlari mumkin”, - degan edi prezident Atambaey mart oyida Ungartepa hududidagi ziddiyat haqida.
Bu mojaro paytida Toshkentda kutilayotgan sammitga bormasligi aytgan Atambayev keyinchalik bu qarorini o’zgartirdi. Iyun oyida u Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Toshkentdagi sammiti doirasida Islom Karimov bilan muloqot o’tkazdi. Prezidentlarning uchrashuvi aloqalarda o’zgarishlar boshlanishidan darak sifatida baholandi.
Bu muloqot ortidan Qirg’izistonning O’zbekistondagi elchisi yangilandi. Qirg’iz hukumati rahbari O’zbekiston bilan munosabatlarni yaxshilashga doir bayonot bilan ham chiqdi.
Bishkek va Toshkent o’rtasidagi aloqalarda o’zgarishlar bo’layotganini Qirg’izistondagi ichki siyosiy jarayonlarga, xususan prezident Atambayevda Moskvadan shubhalanish kuchaygani, mamlakatda hukumatni egallashni maqsad qilgan muxolifatchilarni fosh qilinishi bilan ham bog’landi.