Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) Toshkentdagi sammiti deklaratsiya imzolash bilan o’z ishini yakunladi. O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovga ko’ra, ziddiyatlar kuchaygan bugungi vaziyatda ShHTning betaraflik maqomini saqlab qolish favqulodda muhim.
Tashkilotga raislik Qozog’istonga o’tdi. Hindiston va Pokistonning a’zolikka kirishi Ostonada o’tadigan navbatdagi sammitda rasmiylashtirilishi kutilmoqda. Rossiyalik ekspertlar butun Yevrosiyoni birlashtiruvchi yirik blok vujudga kelayotgani haqida yozishmoqda.
Toshkentdagi uchrashuvlar kengaytirilgan va tor doirada o’tdi. Kengaytirilgan tartibda kuzatuvchi davlat rahbarlari ishtirok etgan bo’lsa, tor doiradagi uchrachuvda a’zolik maqomiga ega O’zbekiston, Xitoy, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Rossiya prezidentlari qatnashgan.
Imzolangan deklaratsiyasida dunyoda geosiyosiy tanglik kuchayayotgani ta’kidlanadi. Afg’onistondagi vaziyat, Suriya inqirozi, Ukrainadagi voqealar yuzasidan xavotir ham bildirilgan.
Hindiston va Pokistonni tashkilotga qo’shish yuzasidan memorandum imzolandi, ammo a’zolikning rasmiy tasdiqlanishi keyingi sammitga qoldirilgan. A’zolikka Eron nomzodini surish yuzasidan qanday muhokamalar bo’lgani esa noma’lum. Eronni tashkilotga qo’shish Rossiya tomonidan olg’a surilmoqda.
ShHT raisligini Qozog’istonga topshirgan Islom Karimov tashkilotning siyosiy blokka aylanmasligi zaruriyati haqida gapirgan.
“Afsuski, bugungi vaziyatda hamkorlik va o’zaro ishonchni mustahkamlash o’rniga o’zaro qarama-qarshilik, raqibchilik kuchaymoqda. Bu jarayonni ko’rmaslik, nazarga olmaslik mumkin emas. Shunday murakkab sharoitda ShHTning ochiqlik prinsiplari va betarafligini saqlab qolish favqulodda muhim masala”, - dedi Karimov sammitdagi chiqishida.
ShHT kengayishiga nisbatan e’tiroz Karimov tomonidan avval, tashkilotning Ufada o’tgan sammitida ham bildirilgan edi. Uning ehtiyotkorligi mintaqadagi geosiyosiy muvozanatni saqlab qolishga urinish sifatida sharhlashgan edi. Toshkentda O’zbekiston Hindistonni tashkilotga qo’shilishini qo’llab quvvatlashi alohida ta’kidlangan.
Sharhlovchilar Hindiston va Pokistonning tashkilotga qo’shilishi yakunlanmasdan Rossiya tomonidan Eron nomzodi olg’a surilyotganida ShHTni siyosiy blokka aylantirish maqsadini ko’rishadi.
Moskva doirasidagi ekspertlar Yevropa Ittifoqidagi inqirozlar manzarasida butun Yevrosiyoni birlashtiruvchi yirik muqobil ittifoq yuzaga kelayotganini yozishmoqda. Bu chiqishlarga ko’ra, Eron ShHTga qo’shilgandan so’ng tashkilot Osiyoning 70 foizini, Yevropaning 40 foiz hududini nazorat qiladi. Yadroviy qurolga ega to’rt davlat (Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston) bu hudud manfaatlari himoyasini kafolatlaydi.
Bu mulohazalarda to’rtta yadroviy davlat qurshovida qolayotgan Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlari eslanmaydi.
Toshkentdagi sammit ishini kuzatgan jurnalist Yuriy Chernogayevga ko’ra, ShHT mavhum tahdidlarga asoslangan tashkilotdir. Faoliyatining 15 yilligi nishonlanishiga qaramasdan bu tashkilotni Markaziy Osiyo rivoji uchun aniq bir ish qilgani hozirgacha kuzatilmagan.
“ShHT nima uchun tashkil qilingani hammaga ma’lum - Xitoyning mintaqadagi manfaatlari, xususan “Buyuk Ipak yo’li” loyihasini olg’a surish uchun. Bundan tashqari so’nggi yillarda Tojikiston, Qirg’iziston, Qozog’istondagi ayrim hududlar Xitoy tasarrufiga o’tib ketdi, o’zbek gazi ham Xitoyga ketayapti, mintaqa Xitoy mahsulotlarining katta bozoriga aylandi. Ammo bu siyosat mintaqa iqtisodining taraqqiyotiga xizmat qilayaptimi, bunga aniq javob yo’q”, - deydi jurnalist.
Mintaqa uchun Toshkent sammiti shunisi bilan ahamiyatliki, O’zbekiston bilan aloqalari tarang qolayotgan Tojikiston, Qirg’iziston prezidentlari Islom Karimov bilan ko’rishdi. Ayniqsa, Karimovning Qirg’iziston rahbari Almazbek Atambayev bilan muzokarasi oradagi chegaraviy ziddiyatlar kuchaygani ortidan kuzatilgani nazarga olinsa.
Sammit doirasida o’tgan qisqa uchrashuvda tomonlar siyosiy muloqotni rivojlantirish haqida gaplashishgani xabar qilinadi. Islom Karimov Rossiya Prezidenti Valdimir Putin, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan ham muloqot qilgan.