Breaking News

Toshkentda Shanxay sammiti, Xitoy rahbari hammadan oldin keldi


Tashkilotning 15 yillik yubileyiga Toshkent mezbon, 23-24 iyun kuni o'tadigan yig'inda a'zolikka da'vogar Hindiston va Pokiston rahbarlari ham ishtirok etmoqda.
Tashkilotning 15 yillik yubileyiga Toshkent mezbon, 23-24 iyun kuni o'tadigan yig'inda a'zolikka da'vogar Hindiston va Pokiston rahbarlari ham ishtirok etmoqda.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammiti oldidan Xitoy rahbari Si Zinpin 21-iyun kuni Buxoroda bo'ldi. 22-iyunda esa Toshkentda Prezident Islom Karimov bilan muzokara o'tkazdi va strategik sheriklik haqida bayonot imzoladi.

Tashkilotning 15 yillik yubileyiga Toshkent mezbon, 23-24 iyun kuni o'tadigan yig'inda a'zolikka da'vogar Hindiston va Pokiston rahbarlari ham ishtirok etmoqda.

Sharhlovchilar nazarida O'zbekiston uchun ShHT doirasidagi hamkorlik emas, ikki tomonlama munosabatlar ustun qoladi.

Si Zinpinning tashrifi aloqalarda yangi strategik bosqich sifatida taqdim etilmoqda. Karimov va Si imzolagan hujjat O'zbekiston va Xitoy munosabatlarini strategik hamkorlik darajasiga ko'tarishi aytilmoqda.

Si O'zbekiston parlamentida so'zladi. Karimov va Si Xitoy qurib bitkazgan “Qamchiq” tunneli ishga tushishi marosimida qatnashdi.

Davlat matbuotida Toshkent-Pekin aloqalari haqida dabdabali materiallar chop etilar ekan, asosiy e'tibor Sining "Xalq so'zi" gazetasida chiqqan maqolasida.

Toshkentda jurnalist Yuriy Chernogayev:

“ShHT o'zi bilan, lekin rasmiy Toshkent uchun ikki tomonlama hamkorlik birinchi o'rinda turadi, tashqi siyosat ham, iqtisodiy hamkorlik ham shu yo'nalishda qurilgan. O'zbekistonning bu pozitsiyasi ShHT doirasida ham o'zgarmaydi. ShHT nazarimda qandaydir muqobil sifatida tuzilgan, deylik, AQSh yetakchiligidagi tashkilotlarga muqobil sifatida. Ammo ShHT faoliyatidan mintaqa qanday foyda ko'rayotgani ochiq qolayotgan savol, biz hozircha bundan mintaqaga biror foyda bo'lganini amaliyotda kuzatayotganimiz yo'q”, - deydi Chernogayev.

Toshkentdagi sammit kuchli xavfsizlik choralari ostida o'tadi. Aholi o'rtasida sammit tufayli xavfsizlik choralarining haddan oshirilgani ayrim noroziliklarga sabab bo'lmoqda.

Sammitni yoritish uchun xorijlik chamasi 400 jurnalist kelgan, ammo kuchli choralar sabab ularning faoliyatini cheklangan.

“Matbuot markazi sammit o'tayotgan Forumlar saroyidan sakkiz kilometr narida joylashgan. Albatta, Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlarga tegishli jurnalistlarga sammitni bevosita yoritish uchun ruxsat berilishi mumkin, ammo qolgan 400 jurnalist anjumanni masofadan kuzatadi. Xullas, bilmadim, qanday yoritishadi ular. Faqat bir qulaylik - matbuot markazi hozirgacha Toshkentda kuzatilmagan yangilik, kuchli tezlikdagi internet bilan ta'minladi”, - deydi jurnalist.

Toshkent sammitida kutilayotgan asosiy voqea: Hindiston va Pokistonning a'zolikka kirishi mumkin.

Yadro quroliga, o'zaro ziddiyatlarga ega davlatlar hisobiga kengayish ShHT faoliyatini qanchalik o'zgartiradi?

“Ehtimol, sammitda Hindiston va Pokistonni a'zolikka qabul qilish haqida qaror bo'lar, lekin shunday bo'lgan taqdirda ularning to'laqonli a'zoligi juda uzoqqa cho'ziladigan jarayon. Ehtimol, bundan keyingi sammitga borib yakunlanar”, - deydi Chernogayev.

Sammit kun tartibidagi asosiy masalalardan biri Afg'oniston bo'lishi kutilmoqda. Anjumanda Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani ham qatnashadi.

“To'g'risi, mintaqa yuzasidan biror ahamiyatli qarorlar qabul qilinadi degan fikrdan yiroqman. Mintada liderlari shundoq ham qaltis turgan siyosiy muvozanatni buzishdan cho'chib turishibdi. Har holda, qandaydir mavhum xatarlar haqida, hamkorlikdagi istiqbol haqida gap boradi. Ammo ayrim manbalarga ko'ra, sammit doirasida a'zo davlatlarning Afg'onistondagi vaziyat bo'yicha aniq bir rejalari ham e'lon qilinishi mumkin”, - deydi Chernogayev.

Sammitda ShHT a'zolari Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Rossiya, Xitoy, kuzatuvchi maqomida turgan Afg'oniston, Belarus, Pokiston, Hindiston, Mo'g'uliston rahbarlari, shuningdek, mehmon sifatida Turkmaniston prezidenti ishtirok etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG