Breaking News

Ferguson, Missuri shtati: Irqchilik ko'zgusimi?


Irqchilik va zamon - Ferguson - Divided Community
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:58 0:00

Irqchilik va zamon - Ferguson - Divided Community

Missuri shtati, Ferguson shahrida yozda oq tanli politsiyachi qurolsiz qora tanli o’smirni otib o’ldirgani ortidan namoyishlar va to’polonlar boshlanib ketdi. Qoralar 18 yoshli Maykl Braunning o’limida irqchilik bosh omil bo’lganini aytadi. Lekin uni nishonga olgan oq tanli politsiyachi Darren Uilson sudga tortilmaydi. Ishni o'rganib chiqqan sud hay'ati shunday qarorga keldi.

Ferguson shahrining oq tanli aholisi esa matbuotni nizo urug’ini sochayotganlikda ayblaydi. Manzara murakkab va talqinlar ham farqli.

Ferguson shahrining har xil qismida yashovchi aholining irq va hayotga yondashuvi boshqa.

“Juda taraqqiy etgan, aholisi turfa xil shahar aslida. Aynan Fergusonda bunaqangi to’polonlar ro’y bergani ajablanarli”,- deydi Brayan Fletcher, shahar sobiq meri.

Torriano Jonson sartarosh. Avgust oyida politsiya va namoyishchilar to’qnashgan mahallada ishlaydi. Odamning bu yerlarda qadri yo’q, deb hisoblaydi u.

“Misol uchun Mayk Braunning voqeasini oling. Politsiya yoniga kelib haydashi, so’kishi mumkin edi. Zarracha hurmat yo’q. Odamiylik yo’q”,- deydi u.

Jonsonning mijozi Korliss Xaddlston qora va oqlarni ajratish shaharda uzoq yillardan beri urf ekanini aytadi.

“Bolaligimda oqlarning mahallasiga yoki ko’chasiga kirib qolsak, darrov chiroqlarni o’chirishar, bizga qarata tuxum va axlat otishga tushishar edi. Doim mana shunaqa bo’lgan”,- deydi Korliss.

Fergusonning sobiq meri Brayan Fletcher bu gaplar o’tmishda, deydi.

“O’taketkan irqchilar 70, 80, 90-yillarda bo’lardi. Bugun odam istagan yeriga borishi mumkin. Puli, imkoniyati bo’lsa kifoya. Shahar aholisi juda xilma xil. Odamlarning rangi, dini, kelib chiqishi har xil”.

Ferguson tarixi Amerikaning boshqa shahriga o’xshash. Xilma xillik va tolerantlik qadrlanadi, ammo o’tmish sarqitlari hali ham seziladi, ayniqsa, iqtisodiy ahvolda. Sent-Luis shahri yaqinidagi aholisi asosan qora mahallada faqat uch nafar qora politsiyachi bor. Sabab – afro-amerikaliklar politsiyani yoqtirmaydi.

"Qora ofitserlarni xoinlarga qiyoslashadi. Xuddi ular o’z jamoasini sotgandek”.

Bu yerda qoralar mahalliy hokimiyatda yoki saylovlarda ishtirok etmaydi. O’nlab yillar davomida o’zini ahamiyatsiz his qilishning asorati bu. Shu bilan birga, shahar rasmiylari, jumladan, mer juda kam maosh oladi va ko’p vaqtini shu ishga sarflashi kerak. Holbuki, yo’qsil qora tanli aholida bunday imkoniyat yo’q.

Qo’shma Shtatlar va dunyoning aksariyat shaharlarida bo’lgani kabi Fergusonda irqchilik mohiyati mana shunaqa murakkab.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG