Breaking News

Tabiiy ofatlar jahon bozorida qimmatchilikka turtki berishi mumkin


Jahonda yong’in, toshqin va qurg’oqchilik avj olgani sari bozorda yegulik narxi oshib bormoqda. Rossiyada bug’doy dalalari issiqdan qovjirab bormoqda. Natijada donning narxi osha boshlagan.

Jaziramada boshqa hosil ham xavf ostida. Harorat yil-sayin ko’tarilar ekan, guruch ham qimmatlamoqda. Dehqonchilik bilan kun ko’ruvchi regionlarda iqlim o’zgarib borgani sari oziq-ovqat ta’minoti izdan chiqishi mumkin.

Luiziana AQShning guruch yetishtiruvchi eng yirik shtatlaridan. Bu yil yoz qattiq kelgan va sholi kasallikka moyil bo’lib qolgan, deydi dehqonlar. Ba’zi joylarda hosil 30 foizga kamayishi kutilmoqda.

So’nggi izlanishlarga ko’ra, dunyoning turli burchaklarida sholichilik xavf ostida. Olimlar Osiyodagi hosildor dalalarni ko’zdan kechirgan.

Havo isigani sari, hosil kamaymoqda. “Tabiiyki, narx-navo ham oshib bormoqda”, - deydi Kaliforniya Universiteti xodimi Jerrod Velsh.

Olimning aytishicha, dunyoning ko’plab davlatlari, ayniqsa, yo’qsil yurtlar guruch kabi mahsulotga tayanadi. 3 milliard odam uchun guruch kundalik yegulik.

“600 million kishining bundan boshqa ovqati yo’q. Iqlim o’zgarib, mahsulot qimmatlasa, oqibatini tasavvur qiling”, - deydi Velsh.

Havo isigani sari g’alla va paxta hosili ham qisqarib bormoqda. Olimlarning ogohlantirishicha, harorat qanchalik tez ko’tarilishiga qarab, joriy asrda hosil 30-80 foizga pasayishi mumkin.

AQSh Davlat departamenti bugun jahonda don ta’minoti haqida hisobot e’lon qilgan. Unga ko’ra, Rossiyadagi yong’in va qurg’oqchilik sabab butun dunyoda un ta’minoti pasayishi kutilmoqda.

Ukrainada ham yoz issiq kelib, hosil yaxshi bo’lmagan, don eksport qiluvchi bu davlat ham chetga kamroq mahsulot chiqarishini aytmoqda. Pokistonda esa toshqin minglab gektar hosilni payhon qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG