Breaking News

Fransiya va Isroilda xuruj qurbonlari xotirlanmoqda; Germaniyada islomga qarshi namoyishlar


Fransiya Prezidenti Fransua Olland xurujda halok bo'lgan politsiyachilarni xotirlamoqda, Parij, 13-yanvar, 2015-yil
Fransiya Prezidenti Fransua Olland xurujda halok bo'lgan politsiyachilarni xotirlamoqda, Parij, 13-yanvar, 2015-yil

Fransiya Prezidenti Fransua Olland o'tgan hafta Parijdagi xurujlarda halok bo'lgan uch politsiyachini ozodlik yo'lidagi xizmati uchun olqishlab, ularni Sharaf legioni mukofoti bilan taqdirladi.

Parijda to'rt yahudiy ham nobud bo'lgan. Isroilda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu ularning dafn marosimida so'zlab, "radikal islomiy terrorizm nafaqat yahudiy xalqi, balki butun insoniyatning dushmani" dedi. Unga ko'ra, turli madaniyat vakillari bunday radikal nusxalardan qutulish uchun birlashishi zarur.

Yahudiy qurbonlar Parijdagi yahudiy do'koni garovga olingan payt o'ldirilgan. Ular bugun Quddusdagi qabristonda dafn etildi.

U voqeadan ikki kun oldin ikki odam "Sharli Ebdo" satirik jurnali tahririyatiga hujum qilib, 12 kishini otib o'ldirgan.

Jurnal noshirlariga ko'ra, ertaga uning navbatdagi sonida muqovada Muhammad payg'ambarning karikaturasi chop etiladi. Ilgari keng ommaga tanish bo'lmagan va haftada 60 ming nusxada chiqib kelgan jurnalning ertangi adadi kamida uch million bo'lishi aytilmoqda.

Kecha Germaniyaning Drezden shahrida islom diniga qarshi yirik namoyish bo'lib o'tdi. Odatda oz sonli odamlarni jalb qilib, har hafta uyushtiriladigan yurishda bu safar 25 ming kishi ko'chaga chiqqan. Tashkilotchilar buni Fransiyadagi terror xurujlari qurbonlariga birdamlik sifatida talqin qilmoqda.

"G'arbning islomiylashishiga qarshi vatanparvar yevropaliklar" tashkiloti uyushtirgan tadbirda islom dini, xorijliklar, ko'p madaniylikni qoralovchi shiorlar olib o'tildi.

Adliya vaziri Xayko Maas guruhni ksenofobiyani targ'ib qilishda Fransiyadagi xurujlardan foydalanayotganlikda aybladi.

Germaniyaning boshqa shaharlarida ham musulmonlarga qarshi chiqishlar o'tkazildi.

Yakshanba kuni Parijdagi yirik namoyishda qatnashgan Germaniya kansleri Angela Merkel kechagi chiqishida "islom dini ham Germaniyaning bir qismi" deb bayonot berdi.

Bugun Merkel va Vazirlar mahkamasining bir nechta a'zosi Berlinda Musulmonlar markaziy kengashi tomonidan tashkil etilayotgan tadbirda qatnashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG