Breaking News

Fransiya parlamenti: Falastin davlatini tan olaylik


Parij, Fransiya
Parij, Fransiya

Fransiya parlamenti Falastin davlatini tan olishga chaqiruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham tasdiqlangan bunday hujjat Yaqin Sharqdagi mojaroni hal etish yo'lidagi ramziy harakat sifatida baholanmoqda.

Qonun amalda biror kuchga ega bo'lmasa ham falastinliklar talabini qo'llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

U, shuningdek, Isroil bosqiniga qarshi norozilikni ham aks ettiradi.

Fransiya parlamenti quyi palatasida deputatlarning 339 nafari qonunni yoqlab ovoz bergan, 151 nafari unga qarshi chiqqan.

Parij nazarida falastinliklar o'z davlatiga ega bo'lishi kerak.

Britaniya, Irlandiya va Ispaniyada ham qonun chiqaruvchi organlar Falastin davlatini tan olishga chaqiruvchi ramziy qonunlar qabul qilgan. Shvetsiya esa Falastinni davlat sifatida allaqachon tan olib bo'lgan.

Bu harakatga qarshilar ham bor. Fransiyadagi asosiy muxolif partiya - UMP ulardan biri.

UMP Milliy assambleyasi yetakchisi Kristian Jeykobning aytishicha, bunday qonunlar Yaqin Sharqda olovga yog' purkaydi xolos. Falastin davlatini ramziy ma'noda tan olish muammoni yechmaydi, aksincha, uni kuchaytiradi, deydi u.

Qonun qabul qilinishi ortidan Isroilning Parijdagi elchixonasi bayonot chiqarib, Fransiya parlamenti qarorini "xato" deya atadi.

Fransiya G'arbiy Yevropada eng ko'p yahudiy va musulmon aholiga ega mamlakat. Isroilning G'azoga hujumlarini qoralab, bu yerda yaqinda minglab odam namoyishga chiqqan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG