Breaking News

Amerika, Fransiya: Musulmon muhojirlarga munosabat qanday?


Musulmon muhojirlar
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00

Musulmon muhojirlar

Fransiyadagi terror xurujlarini musulmon muhojirlar amalga oshirgani haqida xabarlar tarqalgach, mamlakatda yashovchi bu din vakillari diqqat markaziga tushdi. Fransiya rahbarlari millatni birlikka chaqirib, radikal kuchlar musulmon aholining kichik qismini tashkil etishini aytdi.

Biroq konservativ guruhlar nazarida Fransiyada Afrika va Yaqin Sharqdan kelgan muhojirlar ko’payib, ekstremistlar ularning safidan paydo bo’lmoqda. Amerikada ham immigrantlarni xush ko’rmaydiganlar bor, ammo buning sabablari boshqa.

Fransiyada karikaturachilarga qarshi qonli xurujlar ketidan Yevropaning ayrim mamlakatlarida mahalliy terrorchilarning musulmon jamoalardan chiqayotgani hamda bu jamoalarning fransuz jamiyatiga qo’shilmayotgani xavotirlarga sabab bo’lmoqda.

Fransiya siyosati va jamiyatidagi qoidalar hamda hulq-atvor musulmonlarning qorishishiga halaqit bermoqda, deydi AQShdagi Rays universitetidan professor Juli Fette.

“Fransiyadagi aksariyat musulmonlar mo’tadil qarashga ega, qonunga itoat etuvchi, bu mamlakatda o’z hayotini qurishga harakat qilayotgan, o’ziga yarasha diskriminatsiya va taqiqlar bilan yuzlashayotgan odamlar”, - deydi u.

Fransiyada besh yil yashab o’tmishdagi diskriminatsiya haqida kitob yozgan olimaning aytishicha, musulmonlarning aksariyati jamiyatning to’laqonli a’zosi bo’lishga ulgurgan bo’lsa, qiynalayotganlar ham anchagina.

“Fransiyada o’ta qashshoq, quyi tabaqaga mansub bo’lgan, shahar chekkalarida, xarob ahvolda yashashga majbur bo’lgan, jamiyatga qo’shilish imkoniyatidan mahrum ko’plab musulmonlar bor”, - deydi Fette.

Biroq Amerikadagi musulmon muhojirlar, deydi professor, aholining bir foizidan kamini tashkil qilib, aksariyati yaxshi ta’lim olgan professionallar va shu sabab immigrantlarga doir muhokamalarda din mavzusi muhim rol o’ynamaydi.

Fransiyada hujjatsiz biror ish qilish qiyin, Amerikada esa hujjatsiz muhojirlar ishni oson topadi, ko’p shtatlarda esa haydovchilik guvohnomasini ham qo’lga kiritishi mumkin.

Natijada siyosiy va ilmiy munozaralar ko’proq chegara xavfsizligi va mamlakatda yashovchi 11 milliondan ziyod noqonuniy muhojir taqdiri bilan cheklanadi.

Vashingtondagi Migratsiya siyosati instituti tahlilchisi Mark Rozenblumning aytishicha, o’rtadagi farqlarga qaramay, Amerika va Yevropadagi muammolar o’xshash.

“Biz bugun juda ham globallashgan dunyoda yashayapmiz va G’arbdagi barcha davlatlarda yirik muhojir jamoalar bor. Kelajakda ular asosiy aholi bilan qorishishi foydali bo’ladi”, - deydi u.

Rozenblumning aytishicha, Qo’shma Shtatlar muhojirlarni asosiy aholi bilan integratsiyalashtirishda namuna bo’lib kelgan. Biroq muammolar bor va ularni hal etish uchun immigratsion siyosatga doir siyosiy munozaraga chek qo’yish kerak, deydi tahlilchi.

“Amerikada 40 million muhojir va yana 11 million hujjatsiz immigrant yashaydi. Bu aholining sezilarli qismi bo’lib, har kuni amaldagi siyosat va munozaralar shuncha odamning hayotiga ta’sir qilmoqda”.

Mark Rozenblumning aytishicha, AQSh siyosatchilari immigratsiyaga doir muammolarga amaliy yechim topishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG