Breaking News

Osiyo mamlakatlari erkin savdoga zo'r bermoqda


Katta Yigirmalik sammiti Seulda o'tadi
Katta Yigirmalik sammiti Seulda o'tadi

Jahonda erkin savdo borasidagi global muzokaralar qolib ketib, davlatlar o'zaro bitimlarga kelishmoqda. Bu ham tez, ham oson ekani aytilmoqda.

Osiyo qit'asida mamlakatlar o'zaro erkin savdoga kirishib, ba'zi iqtisodchi va rasmiylar nazarida davlatlarning ikki tomonlama asosda ishlashi global erkin savdo bitimini qabul qilishga to'sqinlik qilmoqda.

Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a'zo 21 davlat rahbarlari shu hafta Yaponiyaning Yokoxama shahrida uchrashib, o'zaro savdoni erkinlashtirishni muhokama qiladi.

Buning uchun bojxona to'lovlari va tariflarni kamaytirish yoki umuman bekor qilishga kelishib olish zarur. Ilk muzokaralar 1994-yilda Indoneziyada boshlangan edi. Biroq shundan so'ng davlatlar o'zaro erkin savdo bitimlariga berilib, global harakatlar chetda qolib ketdi. Ikki tomonlama muzokaralar silliq kechib, tomonlar mahsulot va xizmatlarning chegara orqali erkin o'tishiga tezroq kelishib olgan. So'nggi yillarda Janubiy Koreya, Xitoy va Singapur kabi davlatlar shunga o'xshash bitimlar imzolagan.

Yaponiyadagi Vaseda universiteti iqtisodchi-professori Shujiro Urataning aytishicha, Jahon Savdo Tashkiloti doirasida global erkin savdo bo'yicha muzokaralarning oqsayotgani bunga sababdir.

"Ikki tomonlama bitimlar bora-bora ko'p tomonlama bitimga aylanadi degan fikrdaman", - deydi olim.

Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar hozir shu bilan ovora, tariflarni umuman bekor qilmoqchi. Qo'shma Shtatlar 14 mamlakat bilan erkin savdo borasida shartnoma tuzgan bo'lsa, shundan ikkisita mintaqadagi Singapur va Avstraliya bilan.

Yaponiya biznes doiralari hukumatni mintaqaviy tashkilotga a'zo bo'lishga undamoqda. Biroq davlatdan katta moliyaviy yordam oluvchi qishloq xo'jaligi sanoati bunga qarshi.

Iqtisodchi Shujiro Urataning aytishicha, Yaponiya iqtisodiyotini dunyoga ochmas ekan, kelajagi yaxshi bo'lmaydi.

"Erkin savdo qishloq xo'jaligi tizimi islohotiga ham turtki bo'lar edi", - deydi mutaxassis.

Yaqinda Janubiy Koreya Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdoga kirishdi. AQSh Senati esa bu davlat bilan 2007-yilda imzolangan bitimni ratifikatsiya qilmagan. Yevropa Ittifoqi Malayziya, Vyetnam, Singapur va Hindiston bilan ham bu borada muzokara qilmoqda.

Professor Urata ta'biricha, Sharqiy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikka intilayotgan davlatlar soni oshmoqda, chunki, deydi u, region kelajakda dunyo taraqqiyoti markaziga aylanadi.

"Bo'lajak jahon bozori shu yerda. Yevropa Ittifoqi, Qo'shma Shtatlar va ko'plab boshqa davlatlar bu bozorga qadam qo'yish ilinjida", - deydi olim.

Osiyo bilan savdo kuchayayotgan bir paytda Latin Amerikasi ham chetda qolishni istamayapti. Chili qit'adan Xitoy bilan erkin savdo shartnomasiga erishgan ilk davlat bo'ldi. Peru ham bo'sh kelmay, Xitoy, Janubiy Koreya va Tailand bilan bitim imzoladi.

Peru poytaxti Limadagi universitet professori, iqtisodchi Fernando Gonzalez-Vigilning aytishicha, kelajakda Latin Amerikasining boshqa mamlakatlari ham Osiyo tomon qanot qoqadi.

"Gap shundaki, mintaqalararo erkin savdo bitimi mintaqa doirasidagi shu kabi kelishuvlardan sifati bilan ustun turadi. Masalan, tariflar ancha kamroq, savdo va sarmoya borasida imkoniyatlar kengroq", - deydi u.

Shu hafta Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik sammiti o'tar ekan, Yaponiya va kelasi yilgi sammit mezboni - Qo'shma Shtatlar ishtirokchilarni 1994-yilda Indoneziyada erishilgan kelishuvlarni charxlashga, global erkin savdo bobida olg'a qadam tashlashga undab ko'radi.

Biroq Xitoy pozitsiyasi hozircha noma'lum. Rasmiy Pekin tashabbusga qo'shilmasa, barcha harakatlar zoye ketadi. Bir tomondan AQSh bilan valyuta masalasida qattiq tortishayotgan, ikkinchi tomondan esa Yaponiya bilan hududiy munozaraga kirishgan Xitoy passivligi tufayli, yangi, mintaqalararo erkin savdo zonasini yaratish g'oyasi qog'ozda qolib ketishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG