Hafta oxirida Amerikada dunyoning eng qudratli mintaqaviy guruhlaridan biri, 21 davlat a’zo Osiyo-Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik sammiti ish boshlaydi.
APEC anjumanida ko’rilishi kerak bo’lgan ayrim masalalar Xitoyga ma’qul emas.
Osiyo-Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga ayni damda Avstraliya, Bruney, Kanada, Chili, Gongкong, Indoneziya, Koreya, Malayziya, Meksika, Yangi Zelandiya, Papua Yangi Gvineya, Xitoy, Peru, Filippin, Rossiya, Singapur, Taypey, Tailand, Amerika va Vyetnam a’zo.
Xitoy Tashqi ishlar vaziri muovini Vu Xaylong fikricha, AQShning APEC majlisiga mezbon bo’lishi Oq Uy jiddiy yondashayotganidan dalolat beradi.
Forum prezident Barak Obama dunyoga kelgan Gavayi orolida o’tadi. Lekin, deydi Xitoy rasmiysi, ikki kunlik yig’inda kun tartibidagi hamma mavzular ham realistik emas.
“Qo’shma Shtatlar tashabbuslarini olaylik. Toza, muqobil energiya ishlab chiqarishni oshirish, buning yangi usullarini yaratish, kashfiyotlarni ko’paytirish kabilarni forum ishtirokchilari olqishlaydi. Lekin Vashington belgilagan maqsadlar rivojlanayotgan davlatlar uchun orzuday gap”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi muovini Vu Xaylong.
Masalan, Obama ma’muriyati APEC zonasida muqobil energiya mahsuloti, deylik, shamol turbinalari va quyosh batareyalariga tarif, ya’ni to’lovlarni kamaytirishni taklif qilmoqda. Maqsad – yonilg’i, jumladan, benzinu neft iste’molini keskin kamaytirish va shu orqali tabiat ozodaligini ta’minlash.
Qo’shma Shtatlar rasmiylarining aytishicha, mo’ljal Osiyo-Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik a’zolari o’rtasida iqtisodiy rishtalarni mustahkamlashdir.
Lekin Xitoy Moliya vazirligi vakili Yu Jianxua forum qarorlari majburiy emasligini va har bir a’zo davlat imkoniyatlarini hisobga olish lozimligini eslatadi.
U Tinch Okeani ittifoqi bitimi borasida ham shubha bildirgan. APEC a’zolarining to’qqiz nafari bu savdo shartnomasini muhokama qilib keladi. Kelasi 10 yilda tuzilma ichida tariflarni butunlay bekor qilish haqidagi hujjat. Xitoy rasmiysi yangi bitim va mavjud hujjatlarni teng ko’rish kerak, deydi.
AQSh Davlat kotibi muovini Vilyam Berns so’zlariga ko’ra, bu bitim Amerika qit’asi va Osiyo o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi, xususan, Peru, Chili, AQSh, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Malayziya, Vyetnam, Singapur, Bruney va kelgusida barcha vakillarini oliy me’yorlarga amal qiluvchi yagona iqtisodiy zonaga birlashtiradi. APECning global savdodagi ulushi 44 foizni tashkil etadi.
Yaponiya Tinch Okeani hamkorlik shartnomasiga kirish-kirmaslik haqida o’ylanib qolgan. Bu davlatda hal qiluvchi rol o’ynaydigan fermerlar rejaga qarshi. Xitoy yangi iqtisodiy hududga taklif qilinganicha yo’q.