Breaking News

Xitoy: Prezident Obama Amerikadagi iqtisodiy muammolarni bizdan ko'rmasin


Gonoluludagi APEK sammitida AQSh va Xitoy prezidentlari rafiqalari bilan, 12-noyabr, 2011-yil
Gonoluludagi APEK sammitida AQSh va Xitoy prezidentlari rafiqalari bilan, 12-noyabr, 2011-yil

Xitoy rasmiy matbuoti prezident Obamaning bu davlat moliyaviy siyosatiga doir kechagi bayonotini tanqid qilib, Amerika rahbari Xitoyni o'z iqtisodiy muammolariga bahona qilib ko'rsatmoqda, deydi.

Barak Obama Osiyo va Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Gavayidagi sammitida Xitoy milliy valyutasi ustidan nazoratni bo'sh qo'yishi, yuan qiymatini bozorning o'zi talab va taklifga qarab belgilashi kerak, degan.

Xitoyning Sinxua axborot agentligiga ko'ra, yuan kursini majburan oshirish oqibatida Xitoy kompaniyalari kasodga uchrashi mumkin. "Amerikani qiynayotgan eng asosiy muammo esa yechilmay qoladi, ya'ni AQshning Xitoy bilan savdo kamomadi" deyiladi Sinxua xabarida.

Agentlik nazarida Obama saylovlardan oldin reytingini shu tariqa oshirmoqchi.

Bu o'rtada Xalqaro valyuta jamg'armasi Xitoyni bank tizimi ustidan nazoratni yengillashtirishga, ularning tijoriy asosda ishlashiga imkon berishga chaqirmoqda.

Tashkilot Xitoydagi 17 yirik bank ahvolini o'rganib, ularni ayrim omillarga chidamli, biroq boshqa hollarda tashqi o'zgarishlardan himoyasi zaif deb topdi.

Xususan, deyiladi jamg'arma hisobotida, ko'chmas mulk narxlarining keskin ko'tarilishi Xitoy banklari mavqeiga qattiq ta'sir qilmaydi, ammo ishonchsiz kreditorlarga qarz berish hamda davlat aralashuvi tizimga zarardir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG