Breaking News

Pekinda AQSh-Xitoy san’at va madaniyat forumi


AQSh-Xitoy madaniyat forumining ochilish marosimi. Taniqli kinorejissyor Joel Koen (chapda) musiqachi Ma Yo-Yo bilan.
AQSh-Xitoy madaniyat forumining ochilish marosimi. Taniqli kinorejissyor Joel Koen (chapda) musiqachi Ma Yo-Yo bilan.

AQSh va Xitoy o’rtasidagi munosabatlarni tekis deb bo’lmaydi. Ular kelisha olmaydigan xalqaro masalalar ko’p. Ammo san’at sohasida tomonlar hamkorlik qilish mumkinligini namoyish etmoqda. Shu kunlarda Pekinda AQSh-Xitoy san’at va madaniyat forumi bo’lib o’tayapti.

Forumda qatnashayotgan Amerika yulduzlari jamoatchilik diqqat markazida. Mashhur yozuvchi Eymi Tanning kelib chiqishi xitoylik. Asarlarida Xitoy bilan bog’liq obrazlar ko’p.

“Ushbu obrazlarda men metafora va ruhiy g’oyalardan foydalanaman. Men uchun ikki madaniyatni mujassam etish, ruhan ikki madaniyatdan zavqlanib obrazlar yaratish qiziq”, - deydi yozuvchi.

Tadbir qatnashchilarining ba’zilari ochiqchasiga mening Xitoyga hech qanday aloqam yo’q, deya tan oladi. Kinorejissyor Joel Koenning aytishicha, kelajakda ham o’z filmlarida u Amerika madaniyatini aks ettirish va haqiqiy amerikaliklar obrazini yaratishda davom etadi. Shu bilan birga boshqa mamlakatlar san’atkorlarining kechinmalari bilan qiziqmoqda.

“Ijodni g’oyalar va odamlar xilma-xilligi boyitadi. Yangi obrazlar yaratish, ijod jarayoniga yangicha yondashish aynan shunga bog’liq”, - deydi Koen.

AQSh-Xitoy san’at va madaniyat forumi Osiyo jamiyati, Aspen insituti va Xitoyning xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik uyushmasi tomonidan tashkil etilgan.

Xitoyda uyushtiriladigan barcha xalqaro tadbirlarga xos dabdabaga qaramay, ayrim nozik masalalar ham ko’tarildi. Shu yil boshida hibsga olingan isyonkor rassom Ay Veyvey taqdiri. Soliq to’lashdan bosh tortganlikda ayblanayotgan ijodkor iyun oyida turmadan ozod qilingan edi. Soliq qo’mitasiga 1,3 million dollar omonat to’lashga majbur bo’ldi.

Ay Veyvey boshdan kechirganlari uning ijodida ham aks etmoqda.

Isyonkor rassom Ay Veyvey
Isyonkor rassom Ay Veyvey

“Albatta, u rassom, haykaltarosh, arxitektor sifatida tanilgan. Biroq Ay Veyvey ijodini qiziqarli qiladigan narsa - uning g’oyalari”, - deydi Melissa Chu, Osyio jamiyati muzeyi direktori.

Jamiyat vakili Orvil Shell fikricha, Xitoy hukumatini huquq bobida tanqid qilish behuda ish. Ko’rgazmalar, tajriba almashish dasturlari, madaniy hamkorlik kengaytirilsa Vashington-Pekin munosabatlariga ijobiy ta’sir qilish mumkin, deydi suhbatdosh.

“Haqiqiy ijod insonga erkin nafas olish, fikrlash va so’zlash imkonini berish demakdir. Unga nimani o’ylash va qanday fikrlash to’g’riyu, nima xavfli ekanini aytib turish ijodni bo’g’adi”, - deydi Orvil Shell.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG