Qo’shma Shtatlar iqtisodiy-harbiy qudrati oshib borayotgan kommunistik Xitoyni dunyo siyosatida konstruktiv rol o’ynashga chaqirmoqda.
Ikki mamlakat munosabatlarini normallashtirgan tarixiy voqeaga shu kunlarda 40 yil bo’ldi.
1972-yili sobiq prezident Richard Nikson Xitoy Xalq Respublikasiga safar qilib, Kommunistik partiya raisi Mao Zedun uchrashadi. Raqib davlatlar orasida diplomatik aloqa o’rnatiladi.
Bugun Xitoy Amerikaning eng yaqin savdo hamkori. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, agar Xitoy dunyo hamjamiyatining hurmatini qozonishni istasa, shunga munosib tarzda harakat qilishi kerak.
“Siyosatida izchillik, davomiylik kuzatilmayapti. Ayrim masalalarda Xitoy o’zini yetakchi qilib ko’rsatishga harakat qiladi, boshqa payt esa o’zini rivojlanayotgan davlatdek tutadi. Albatta, har ikki xususiyatni mujassam etgan jamiyat bu, ammo bugungi mavqeiga munosib emas”, - deydi Xillari Klinton.
AQSh bosh diplomati, xususan, Suriya mojarosini hal etish yuzasidan kelishmovchiliklar, Xitoyda etnik va diniy guruhlar ta’qibga olinishi hamda savdo-tijoratda mavjud ayrim muammolarni sanab o’tdi.
Xitoy, deydi Xillari Klinton, global xavfsizlikni kafolatlashda teng hissa qo’shishi darkor. “AQSh u bilan raqobat qilmoqchi emas, “kim o’zar” o’ynamoqchi emas”.
Suriyadagi qatliomni to’xtatish uchun Vashington Xitoydan kuch-nufuzini ishga solishni so’rab keladi. Biroq Pekin, Rossiya qatorida, BMT rezolyutsiyalari ovozdan o’tishiga yo’l bermayapti.
Xitoy o’z valyutasi qiymatini qattiq nazorat qilishi va shu orqali AQShga ko’proq mahsulot sotishi ham azaliy muammolardan.
O’zaro aloqalarning 40 yilligini nishonlagan tadbir ishtirokchilariga Xitoy Tashqi ishlar vaziri Yang Dzechi ham murojaat qildi. AQSh Xitoy qudrati oshib borayotganiga xolis baho beradi degan umiddamiz, deydi u.