Breaking News

Xitoy vitse-prezidenti Vashingtonda, Oq Uyda ochiq muzokara


Prezident Barak Obama Xitoy vitse-prezidenti Shi Tsinping bilan, Oq Uy, Vashington, 14-fevral 2012
Prezident Barak Obama Xitoy vitse-prezidenti Shi Tsinping bilan, Oq Uy, Vashington, 14-fevral 2012

Xitoy vitse-prezidenti Shi Tsinping bugun AQSh rahbari Barak Obama bilan Oq Uyda muloqot qildi.

Shi Tsinping kelasi yildan prezidentlik lavozimini egallaydi. Uzoq yillik siyosiy tajribaga ega. Obama bilan ilk bor yuzma-yuz muzokara olib bordi. Global muammolar yechimi Xitoy va Amerika qo’lida, deydi Shi Tsinping. O’zaro ishonch va hurmat yetishmasa, bundan dunyoning ikki yirik davlati birdek zarar ko’radi, deydi u.

AQSh Xitoy valyuta siyosatidan norozi
AQSh Xitoy valyuta siyosatidan norozi
Prezident Obama Xitoy tobora kuchayib borayotgan mamlakat ekanini tan oladi. Izzat, ishonch qozonish uchun iqtisodiy tamoyillar va inson huquqlari bo’yicha xalqaro qonunlarga rioya qilishi kerak, deydi u.

Vashington nazarida Xitoy o’z milliy puli yuan qiymatini sun’iy ravishda past ushlab turib, ko’proq mahsulot eksport qilmoqda va shu tariqa katta daromad olmoqda. Bu g’irromlik, deya bildiradi Oq Uy. Shuningdek, Amerika bizneslari uchun Xitoyda ishlash oson emas, vaholanki, Xitoy bizneslari Amerikada katta imtiyozlarga ega.

Qo’shma Shtatlar Tibetdagi zo’ravonliklardan xavotirda. Tuzumdan to’ygan fuqarolar o’ziga o’t qo’yishni odat qilib olgan. Xitoy bunga javoban xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Tibet - Xitoyning bir qismi emas, deydi mana bu buddistlar
Tibet - Xitoyning bir qismi emas, deydi mana bu buddistlar
Huquqbuzarlik, tazyiq hollari keng tarqalgan. Shi Tsinping Oq Uyda Barak Obama bilan gaplashayotgan paytda tashqarida tibetlik faollar katta namoyish o’tkazdi, yuzlab odam Xitoy siyosatini qoraladi.

“Biz Xitoy bilan hamkorlik qilishni istaymiz, lekin bu davlat mavjud qonun-qoidalarga bosh egishi kerak. Jahon iqtisodiy tizimini tebratuvchi prinsiplar ularga ham taalluqli. Bu degani savdo-sotiq ko’lamini muvozanatlash kerak, faqat AQSh-Xitoy orasida emas, Xitoy va butun dunyo mamlakatlari orasida. Huquq bobida esa rasmiy Pekinni fuqaro erkinliklarini poymol etmaslikka, xalq dardiga quloq solishga chaqiramiz”,- deydi Obama.

Ikki davlat Eron atom dasturi, Shimoliy Koreya va Suriya yuzasidan til topishishga majbur. Aks holda, bu masalalar yechilmaydi, deydi Obama.

Shi Tsinping bilan gaplashgan vitse-prezident Jo Bayden fikricha:

“Har bir masalada bir yoqadan bosh chiqarish qiyin, pozitsiyalarimiz turlicha, lekin iqtisodiy-siyosiy manfaatlarimiz haqida o’ylasak, kelishishdan boshqa yo’l yo’q”.

Xitoy va Amerika orasidagi raqobat qanchalik kuchli bo’lmasin, deydi rasmiylar, ikki davlat bir-biriga ko’p jihatdan tobe. Ular jahondagi eng yirik iqtisodiy sheriklar.

Vashingtonda Xitoyga qarshi namoyishlar
Vashingtonda Xitoyga qarshi namoyishlar
Amerika Osyo-Tinch okeani mintaqasiga e’tiborni oshirar ekan, Xitoy norozi. Pekin nazarida AQSh u yerdagi mintaqaviy masalalarga aralashmoqda, Xitoy atrofidagi davlatlarni unga qarshi qayramoqda. Qo’shma Shtatlar buni inkor etadi.

AQSh matbuotiga bergan intervyusida, Xitoy vitse-prezidenti Vashington “bizga nisbatan xavf sifatida qarashni bas qilsin. Tinch okeanida harbiy qudratini oshirishiga hojat yo’q” deb aytgan.

Shi Tsinping Oq Uydagi muzokara va ziyofatdan so’ng Davlat departamenti va Pentagonda ham bo’lib, shu masalalar haqida gaplashdi.

Safardan yana bir maqsad – xususiy sektor bilan muloqot qilish, Amerika ishbilarmonlari bilan so’zlashish. Xususan Ayova va Kaliforniyadagi katta kompaniyalarga boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG