Xavfsizlik kuchlari qattiq nazorat o’rnatgan, o’nlab fuqarolar hibsda. Lekin, tahlilchilar nazarida, dunyoning bu qismida vaziyat yanada yomonlashishi mumkin.
Mana deyarli bir yildirki Tibetning Sichuan viloyati ancha notinch. O’tgan yil mart oyida bu yerda bir necha tibetlik faol Xitoy hukumati siyosatidan norozilik bildirib, o’ziga o’t qo’ygan edi. So’nggi haftalarda bunday hollar yana takrorlandi, ommaviy namoyishlar uyushtirildi.
“Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti vakili Sofi Richardson fikricha, o’ziga o’t qo’yish - uzun zanjirning uzviy bo’g’inlari.
“O’zini yoqib yuborganlar sonining oshgani va jo’g’rofiy jihatdan kengaygani, shu bilan birga namoyishlarning avj olgani Xitoy hukumatining siyosatidan norozilik juda kuchliligini ko’rsatmoqda. Muammo jiddiy tus oldi”.
Bu fikrga qo’shilar ekan, yana bir mutaxassis, AQSh Kongressining Xitoy bo’yicha qo’mitasi maslahatchisi Stiv Marshall vaziyat rasmiy Pekin nazoratidan chiqib bo’ldi, deydi:
“Xitoy xavfsizlik xizmatining namoyishchilarga nisbatan qattiqqo’l harakatlari teskari natijaga olib keldi”.
Sichuandan tashqari Golog muxtoriyati va Sin’ay viloyatiga ham namoyishlar. Ko’chalarga chiqqan yuzlab odamlar rasmiy Pekindan xavfsizlik kuchlarini olib chiqishni talab qilmoqda.
Xitoy rasmiylari vaziyatni nazorat qilayotganini ta’kidlar ekan, to’qnashuvlarda bir odam halok bo’lganini tasdiqladi, biroq kamida 30 odam jarohatlangani haqidagi ma’lumotlarni inkor etdi.
AQSh Davlat Departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland:
“Biz Xitoy hukumatini Tibetga nisbatan samarasiz siyosatni qayta ko’rib chiqishga ko’p marotaba da’vat etganmiz. Chunki ushbu siyosat oqibatida vujudga kelgan tarang vaziyat Tibel xalqining dini, madaniyati va tiliga tahdid solmoqda”.
AQSh hukumati Pekinni Tibet xalqi rahnamosi Dalay Lama bilan muzokara olib borishga undab keladi. Xitoy buni rad etib, Dalay Lama terrorchi deydi va uni namoyishlarni uyushtirganlikda ayblaydi.
Yaqin orada Tibetdagi vaziyat yaxshilanishiga umid yo’q, deydi “Human Rights Watch” tashkiloti vakili Sofi Richardson.
“Afsuski, o’zini yoqish hollari, namoyishlar yana davom etadi, hukumat esa kuch ishlatib ularni bosti-bosti qilishga urinadi. Xitoy hukumati o’z qonunlari va xalqaro majburiyatlariga ko’ra, xalqning tinch namoyishlar uyushtirishga haqli ekani va namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilmasligi kerakligini yodda tutishi kerak”.
Tibetdagi namoyishlarda tarqatilgan varaqalarda ko’plab faollar o’ziga o’t qo’yishga tayyorligini bildirgan.