Breaking News

Tibetda o’ziga o’t qo’yish hollari ko’paymoqda


Tibetda Xitoyga nisbatan norozilik sifatida o'ziga o't qo'yayotganlarning aksariyati rohiblar.
Tibetda Xitoyga nisbatan norozilik sifatida o'ziga o't qo'yayotganlarning aksariyati rohiblar.

Xitoy va tibetliklar o’rtasidagi ziddiyat har yili mart oyida yanada kuchayadi.

Tibetliklarning uzoq yillardan beri Xitoyga qarshi olib borayotgan ozodlik kurashi aynan shu oyda boshlangan.

So’nggi yillarda tibetliklar orasida Xitoy siyosatiga qarshi norozilik ramzi sifatida o’ziga o’t qo’yish hollari ko’paymoqda.

O’tgan bir yil davomida kamida 26 nafar buddist rohib va oddiy tibetlik o’zini yoqqan. Ularning yarmidan ko’pi so’nggi uch oy ichida ro’y bergan.

O’ziga o’t qo’yish holatlari ro’y bergan hududlarda bugun xavfsizlik choralari har doimgidan kuchaytirilgan. Hukumat tomonidan turli nuqtalarga xavfsizlik kuchlari qo’yilganiga guvoh bo’lish mumkin. Shunga qaramay, fojiali holatlar davom etmoqda.

Xitoy norozilikning kuchayishida xorijdagi rahnamo Dalay Lamani ayblaydi
Xitoy norozilikning kuchayishida xorijdagi rahnamo Dalay Lamani ayblaydi
Xitoy hukumati bu ishlarda xorijdagi kuchlarni, xususan, Tibetning surgundagi diniy rahnamosi Dalay Lamani ayblaydi. Rasmiylar nazarida, o’ziga o’t qo’yayotganlar jamiyatdan quvilgan jinoyatchilardir.

Sichuan viloyatidagi mahalliy rasmiylardan biri Vu Zegan o’ziga o’t qo’yish amaliyotini terrorizmga qiyoslaydi.

“Dalay Lama va Tibetning ozodlik kurashchilari bunday amaliyotni qo’llab-quvvatlab, boshqalarni ham shunday qilishga undayotgani haqida ko’p dalillar bor. Ular insonlar umriga zomin bo’lmoqda. Bunday zo’ravonlik va terror usuli bilan separatizm g’oyalarini targ’ib etmoqda”, - deydi rasmiy.

Infrastrukturani rivojlantirish hamda yashash sharoitlari va ta’limni yaxshilash maqsadida Xitoy Tibetga katta mablag’ kirityapti. Hukumat fikricha, ijtimoiy farovonlik muammolarga chek qo’yishi kerak.

O'tgan bir yil ichida kamida 26 tibetlik o'ziga o't qo'ygan
O'tgan bir yil ichida kamida 26 tibetlik o'ziga o't qo'ygan
Dalay Lamaning ingliz tili bo’yicha tarjimoni Supten Jinpaning aytishicha, Xitoyning Tibet madaniyati va dinini yo’qotishga bo’lgan urinishi muammoning asl sababidir.

“Aksar tibetliklarning ko’ngliga yo’l topish va Xitoy tarkibida Tibet jamiyatiga ham joy borligiga tibetliklarni ishontirish uchun aslida Xitoydan ko’p narsa talab qilinmaydi”, - deydi u.

Dalay Lama vakilining aytishicha, Xitoy, aksincha, noroziliklarning o’sishiga hissa qo’shadigan ishdan boshqa narsa qilmayapti.

Boshqalar nazarida, o’z-o’ziga o’t qo’yishlar to’xtatilishi kerak, chunki tibetliklar uchun o’zini o’ldirgandan ko’ra tirik qolib kurash olib borgani foydaliroq. Tibetlik yetakchi dindorlardan biri Arjiya Rinpocha shunday fikrda.

“Men bu odamlardan, ularning do’stlaridan, oila a’zolaridan hamda ruhoniy yetakchilaridan bunday amaliyotni to’xtatishlarini o’tinib so’rayman. Jasur ekanimizni allaqachon isbotladik. Endi yetar”, - deydi ruhoniy.

Yosh rohib
Yosh rohib
Arjiya Rinpocha deydiki, Xitoy muammoga yechim topishi uchun hududdagi qattiqqo’l siyosatini biroz yumshatishi kerak. Faqat xavfsizlik kuchlari sonini oshirish bilan band bo’lmasdan, muammo sabablarini bartaraf etish haqida o’ylash kerak, deydi ruhoniy.

Yaqinda BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohi qarshisida uch tibetlik Xitoyga qarshi norozilik namoyishi o’tkazib, ochlik e’lon qildi. Tashkilotning inson huquqlari bo’yicha yetakchi rasmiysi Ivan Simonovich namoyishchilar oldiga chiqib, ularning arzini tingladi. Nogironlik aravasida o’tirgan tibetliklar Xitoy o’lkaga qarshi zug’umlarini to’xtatmas ekan, ochlik amaliyotini davom ettirishi haqida aytdi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ularning sog’lig’idan xavotirda ekanini aytdi.

Xitoy hukumati zulmidan qochib xorijga yo’l olgan tibetliklar ko’p. Ularga xalqaro jamoatchilikka yaxshi tanish diniy rahnamo – 14-Dalay Lama yetakchilik qiladi. 1959-yilgi muvaffaqiyatsiz Tibet qo’zg’olonidan so’ng Xitoyni tark etib Hindistondan siyosiy boshpana olgan arbob dunyo bo’ylab Tibet masalasiga xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortib keladi. Ozodlik yo’lida olib borgan tinch kurashi uchun u 1989-yil Nobel mukofotiga sazovor bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG