Breaking News

Dalay Lamaning Amerika safari jahon e’tiborini Tibetga qaratmoqda


Tibetning diniy va siyosiy yetakchisi Dalay Lama AQShni kezmoqda. O’tgan hafta u Gavayi va Kaliforniyada bo’ldi. Bugun Minnesotada. Ertaga esa Chikagoga boradi.

So’nggi bir yil davomida 30 dan ziyod tibetlikning o’ziga o’t qo’ygani dunyo jamoatchiligining o’lkada erkinlik va huquq masalalariga e’tiborini kuchaytirmoqda.

Kaliforniyaning Long-Bich shahrida Dalay Lama jurnalistlar va tarafdorlari hamda Long-Bich meri Bob Foster bilan uchrashdi.

Dalay Lama o’zining uch asosiy maqsadi haqida gapirdi.

“Birinchi navbatda odamlarga bag’rikenglik va birdamlik baxsh etishni burchim deb bilaman”, - dedi u.

Dinlar o’rtasida ko’prik o’rnatish va rishtalarni mustahkamlash Dalay Lama uchun ikkinchi maqsad. Uchinchisi esa – Tibetning adolat va inson huquqlari uchun kurashiga yetakchilik qilish.

AQShda Dalay Lamaning tarafdorlari ko’p. Mashhur kinoaktyor Richard Gir shular jumlasidan.

Janubiy Karolina universitetini yaqinda bitirgan Jeyk Blok o'tgan yili Dalay Lama bilan uchrashganidan so'ng Tibet taqdiri bilan qiziqa boshlaganini aytadi:

"O'tgan yili Dalay Lamaning universitetimizga tashrifi, muntazam ravishda Amerika oliygohlariga borib turishi natijasida odamlar Tibet haqida ko'proq ma'lumotga ega bo'ldi", - deydi u.

Yana bir talaba Megan Svis nazarida Dalay Lama hazilkash va kamtar inson bo'lgani uchun ham odamlar unga ergashadi.

"Yahudiylar, hindular, dunyoviy odamlar va ateistlar uning gaplarini yaxshi tushunadi", - deydi talaba.

Xitoy hukumati buddistlar yetakchisini o'ziga o't qo'ygan 20 tibetlik rohib o'limida ayblamoqda. Dalay Lama esa rasmiy Pekinning repressiv siyosati dindorlarni joniga qasd qilishga majburlagan, deydi.

Amerikada Tibet yetakchisini nafaqat buddistlar, balki boshqalar ham qo'llab-quvvatlaydi.

"Demokratlar ham, respublikachilar ham uni yoqtiradi. Barcha din vakillari u bilan muloqot qilishga intiladi. Dindor bo'lmagan odamlar ham Dalay Lamani hurmat qiladi va uning kitoblarini o'qiydi," - deydi Janubiy Karolina universiteti dekani Varun Soni.

Tibet diniy rahnamosi ertaga Chikagoda boshlangan Tinchlik uchun Nobel laureatlarining xalqaro sammitida ishtirok etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG