O’tgan yili Rossiya-Xitoy savdo aloqalari kuchayib, Chin mamlakati bu borada Kremlning eng yirik hamkori Germaniyani ortda qoldirishga muvaffaq bo’ldi.
Yil boshida Xitoyga neft quvuri ishga tushdi. Rossiya sharq mamlakatlari bilan savdoga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
Buryatiya poytaxti Ulan-Ude Rossiyaning Osiyoga darvozasi sifatida ko’riladi. Bosh vazir Vladimir Putin hudud bundan keyin strategik ahamiyat kasb etishini ma’lum qilgan. U yerda yirik port bunyod etiladi.
Putin Buryatiyaning Rossiya tarkibiga qo’shilganining 350 yilligini nishonlash uchun Ulan-Udega bordi.
“Ushbu tarixiy voqea jiddiy geosiyosiy ahamiyatga ega bo’lib, Rossiyaning sharqiy chegaralarini mustahkamlashga hamda Osiyoga chiqishga yordam berdi”, - deydi Putin tantanalarda ma’ruza qilar ekan.
Rossiya Moliya vaziri Aleksey Kudrinning aytishicha, o’lka infrastrukturasini yaxshilashga Kreml 1,5 milliard dollar sarfladi. Baykal ko’li bo’yida turizmni rivojlantirish maqsadida yo’llar, aeroportlar va mehmonxonalar ta’mirlandi.
Kelasi yili Osiyo-Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo 21 davlat moliya vazirlari Ulan-Udeda majlis qiladi. Xorij delegatsiyalari tarkibida ko’plab osiyolik jurnalistlar bo’lishi kutilmoqda.
Sammit ketidan respublikada turizm barq urib, chet el sarmoyalari ko’payadi, degan umid bor.
Ulan-Udening osiyoliklarni o’ziga tortadigan yana bir jihati shuki, Rossiyada buddizm markazi aynan shu yerda joylashgan. Bu din vakillarining aksariyati aynan Osiyo qit’asida yashaydi.
Rossiyani tashkilotga bog’lovchi xususiyatlardan biri ham mamlakatda Osiyo madaniyatining jonlanayotganidir. Buryatiya diniy bag’rikenglik bilan ham Rossiyaning boshqa hududlaridan ajralib turadi.
Mamlakatning Yevropa qismida buning aksini kuzatish mumkin. Millatchi guruhlar osiyoliklarga vaqti-vaqti bilan hujum qilib turadi. Hafta boshida Moskva sudi besh nafar neonatsistni poytaxtda so’nggi ikki yilda rus bo’lmagan 27 kishini o’ldirganlikda aybdor topib, jazo belgilagan.
Sovet Ittifoqi 20 yil oldin qulaganidan beri 10 mingga yaqin xitoylik Buryatiyaga ko’chib borgan. Ular o’zlarini Ulan-Udeda uydagidek his qilishini aytadi.