Breaking News

Bugungi millatchilik - Kreml so’nggi 10 yildan beri parvarishlagan illat


Bugungi millatchilik - Kreml so’nggi 10 yildan beri parvarishlagan illat
Bugungi millatchilik - Kreml so’nggi 10 yildan beri parvarishlagan illat

O’tgan hafta Moskvada bir guruh yoshlar millatchi shiorlar bilan namoyish qilib, kavkazliklarga hujum qilgan, 66 kishi jarohat olgan edi.

Rus millatiga mansub futbol ishqibozining kavkazliklar tomonidan o’ldirilgani namoyishlarga turtki berdi, deydi ba’zilar. Boshqalar nazarida millatchilik davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan.

“Rossiya ruslar uchun” – bu millatchi yoshlarning sevimli shiori. Ko’p millatli davlatda qonun bo’yicha bunday shiorlar uchun jazo belgilangan, ammo futbol ishqibozlarining bunday chiqishlariga chek qo’yilmadi.

Bundan ruhlangan yoshlar shahar markazida to’planib, kavkazliklarni do’pposladi, bir necha kishi pichoqlangan. Nihoyat hukumat aralashishga majbur bo’ldi.

Bosh vazir Vladimir Putin futbol ishqibozlari bilan uchrashib, ularni tinchlantirishga harakat qildi. Uning aytishicha, ekstremizmning hech bir ko’rinishiga toqat qilinmaydi. “Bu illatga qarshi keskin kurashish kerak”.

Moskvadagi Karnegi jamg’armasi tahlilchisi Aleksey Malashenkoning aytishicha, hukumat shu paytgacha millatchilik hollariga jiddiy e’tibor bermay kelgan – shunchaki bezorilik deb qaragan. So’nggi voqealardan hamma hushyor tortdi, deydi u.

“Putin mamlakatda etnik nizolar jiddiy muammo ekanini tan oldi. Uning aytishicha, barcha ayb Moskvaga kelib, o’zini tutishni bilmaydigan migrantlarda. Nazarimda, davlat vahimada va bundan keyin vaziyatni nazorat qilib boradi”, - deydi Malashenko.

Aleksey Malashenko millatchilik kayfiyati davlat tomonidan boshqarilayotganini inkor etadi.

Biroq Moskvada tug’ilgan asli kavkazlik mutaxassis Orxon Jamol Ferghana.Ru axborot agentligiga bergan intervyusida Moskvani “ikkinchi O’sh” deb ataydi. Uning fikricha, etnik nizolar Vladimir Putinning 2012-yilgi prezident saylovlaridan oldingi siyosiy nayrangi.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Memorial” tashkiloti xodimi, o’zbekistonlik Bahrom Hamroyev ham bu fikrga qo’shiladi. U oy boshida Federal Xavfsizlik Xizmati xodimi tomonidan kaltaklangan, hozir ahvoli og’ir.

Bahrom Hamroyevning aytishicha, millatchilik va islom diniga qarshi kayfiyat nafaqat rus o’smirlari, balki huquq-tartibot organlari xizmatchilari ongiga ham singdirilgan.

“Hur fikrlovchi matbuot, inson huquqlari faollari va demokratiya uchun kurashayotgan fidoiy insonlar - shovinistik siyosatni jilovlab turgan yagona kuch”, - deydi faol.

Moskvada futbol ishqibozlari bilan uchrashgan Vladimir Putin migrantlarni ro’yxatga olish siyosatini kuchaytirish kerakligiga urg’u bergan.

Millatchi guruhlar kelgindilarni va, xususan, Rossiya fuqaroligiga ega kavkazliklarni Moskvadan quvishga, Kavkazni Rossiyadan ajratib qo’yishga chaqirmoqda.

Tahlilchi Aleksey Malashenko ta’rificha, Kavkaz – Rossiya uchun “ichki xorij”. Kavkaz Rossiyadan, Rossiya esa Kavkazdan ajramaydi, deydi u.

“Kavkaz Rossiyaning bir bo’lagi. Moskvadagi muammo u yerda ham bor, hatto ikki, uch chandon ko’proqdir, chunki Kavkazda an’analar va diniy tartib kuchli. Mintaqa o’z xohishi bilan Rossiyadan chiqishiga ishonmayman. Shu bilan birga, Kavkazni Rossiya tarkibidan chiqarish bo’yicha referendum ehtimoli Moskvadagilarning xayolida ham yo’q”.

G’arbda ayrim kuzatuvchilar millatchilik va etnik ziddiyatlar 2018-yilda futbol bo’yicha Jahon chempionatiga mezbon Rossiya uchun jiddiy muammo ekanini ta’kidlamoqda. Aleksey Malashenkoning aytishicha, jahon chempionatigacha hali vaqt ko’p.

“2018-yilda mamlakatni kim boshqarishi aniq emas, biroq hozirgi hukumat millatchilikni jiddiy muammo deb tan olgani katta gap”.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG