Breaking News

Suriya rahbarining do’sti va maslahatchisi xorijga qochdi


Dunyoning 100 dan oshiq davlati Suriyadagi xunrezliklarga nuqta qo’yish maqsadida Bashar al-Assad hukumatini kuchliroq sanksiyalar bilan jazolashga chaqirmoqda.

“Suriyaning do’stlari” nomli guruh Parijda majlis qilib, isyonchilarga ko’makni oshirish, xususan kommunikatsiya vositalarini yetkazish xususida kelishib oldi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning ta’kidlashicha, BMT Xavfsizlik Kengashi zudlik bilan ishga kirishishi lozim. “O’z xalqini qirgan hukumat va rahbarlar boshqaruvga loyiq emas”, - dedi u Parijdagi yig’ilishda.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Suriya rahbari bilan harbiy akademiyada birga tahsil olgan, qurolli kuchlar qo’mondoni, general Manaf Tlas Turkiyaga qochgan va ayni paytda Fransiyaga yo’l olmoqda.

Xabarlarga qaraganda, uning otasi, sobiq mudofaa vaziri Mustafo Tlas Parijda yashaydi.

Britaniyada asoslangan Suriya inson huquqlari markazi xodimi Sipan Hasan deydiki, Assadga yaqin mulozimlar ham tushunib turibdiki, bu hukumatning kuni bitgan.

“Manaf Tlas prezident oilasiga yaqin shaxslardan edi. Uning xorijga qochgani rejimga qattiq zarba bo’ldi va boshqa yuqori lavozimdagi harbiylarni ham shunga undashi mumkin”, - deydi faol.

“Suriyaning do’stlari” majlisiga mezbonlik qilgan Fransiya prezidenti Fransua Olland Assad ketishidan barcha manfaatdor deya, Suriya xalqiga gumanitar yordamni oshirishga chaqirdi.

Rasmiy Damashqning yaqin ittifoqchilari – Rossiya va Xitoy bu uchrashuvda qatnashmagan.

AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton yig’in qatnashchilariga murojaatida Rossiya va Xitoyni Suriya xalqining orzu-umidlariga befarqlikda aybladi.

“Mojaroning tinch yo’l bilan hal etilishini to’sib turgan bu ikki davlatga muayyan talablar qo’yish kerak”, - deydi u.

BMTda tanqidiy rezolyutsiyalarga “yo’q” deb kelayotgan Pekin va Moskva o’tgan hafta Jenevada o’tgan yig’ilishda qatnashib, Suriyada yangi, birlashgan hukumat tuzish borasidagi takliflarga rozi bo’lgan edi. Biroq prezident Bashar al-Assadning ketish-ketmasligi borasida turlicha fikrlar yangramoqda.

“Jarayonda barcha, jumladan prezident Assad ham qatnashishi mumkin”, - deb hisoblaydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmed Dovudo’g’li nazarida, Jeneva majlisi xulosalarini ayrim davlatlar xato talqin qilmoqda.

“Yangi hukumat o’zgarish degani. Suriya bunday o’zgarishga muhtoj chunki amaldagi hukumat qonuniy maqomidan ayrilgab va vaziyatni nazorat eta olmayapti”, - deydi vazir.

Jarayonni kechiktirish, deydi Dovudo’g’li, xavfni oshiradi va armiyaga yanada ko’proq odamlarni o’ldirishga imkon beradi.

BMT hisobicha, ayni paytda bir milliondan ziyod suriyalik gumanitar yordam kutayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG