Breaking News

Faollar Katta Sakkizlikni va'dalarni bajarishga chaqirdi


Prezidentlar Obama, Medvedev va Sarkozi, 26-may, 2011-yil, Dovil, Fransiya
Prezidentlar Obama, Medvedev va Sarkozi, 26-may, 2011-yil, Dovil, Fransiya

Bugun Fransiyaning Dovil shahrida Katta Sakkizlik - rivojlangan davlatlar sammiti o'tmoqda. Yevropa bo'ylab safar qilayotgan prezident Obama ham unda ishtirok etadi. Anjumanda Yaponiyadagi yadro falokati, arab davlatlaridagi g'alayonlar va global iqtisodiy masalalar muhokama qilinadi.

Prezident Obama kecha Britaniyada Bosh vazir Deyvid Kameron bilan uchrashib, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada siyosiy va iqtisodiy islohotlarni qo'llab-quvvatlash haqida gaplashgan edi. Ikki rahbar tashabbusni Katta Sakkizlik sammitiga olib chiqishini aytgan. Obama bu haqda o'tgan hafta Vashingtonda qilgan ma'ruzasida ilk bor og'iz ochgan.

Sammitga Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi raislik qilmoqda. Yana bir fransuz arbobi, Nyu-York sudida jinsiy tajovuz aybi bilan ishi ko'rilayotgan Xalqaro Valyuta Jamg'armasi sobiq rahbari Dominik Stross-Kan iste'fosidan so'ng bo'sh qolgan joyni to'ldirish va bu lavozimga loyiq nomzodlar sammitda muhokama qilinishi kutilmoqda.

Yevropa davlatlari Fransiya Moliya vazirasi Kristin Lagard nomzodini qo'llab-quvvatlamoqda. Rossiya, Braziliya, Xitoy kabilar esa jamg'armaga yangi rahbar boshqa qit'adan bo'lsin, deydi.

Bu borada AQSh pozitsiyasi hal qiluvchi rol o'ynaydi, deydi Tashqi aloqalar bo'yicha Yevropa Kengashining Parijdagi idorasi rahbari Tomas Klau.

"Agar Barak Obama yoki boshqa AQSh rasmiylari yevropalik nomzod, xususan Lagard nomzodiga qarshi bo'lmasa, ish hal bo'ldi deyavering", - deydi mutaxassis.

Yaqinda xalq g'alayonlari natijasida ko'p yillik rahbarlardan qutulgan Tunis va Misr bosh vazirlari ham sammitga taklif etilgan. Ular Katta Sakkizlikdan sarmoya va moliyaviy yordam so'rashi kutilmoqda. Qo'shma Shtatlar har ikki davlatga milliardlab dollar va'da qilgan.

Liviyadagi ahvol ham sammit ishtirokchilari diqqat markazida bo'lishi tabiiy.

Tomas Klau deydiki, Yevropa davlatlari Liviyada NATO operatsiyasi cho'zilib ketganidan xavotirda.

"Ba'zilar nazarida bu ketishda Liviya ikkiga bo'linishi ham ehtimoldan xoli emas".

Globalizatsiya tanqidchilari sammitga qarshi namoyish qilmoqda. Minglab odamlar shimoldagi Gavr shahrida rivojlangan davlatlarni tanqid qilib ko'chaga chiqqan. Ular nazarida Katta Sakkizlik 2005-yilda Shotlandiyadagi anjumanda qashshoq davlatlarga yordam haqida bergan va'dasining ustidan haligacha chiqmagan.

Sammitga Afrikaning quyi-Saxara mintaqasidan ham davlat rahbarlari taklif etilgan.

"Oksfam" nodavlat tashkiloti direktori o'rinbosari Emma Sirining aytishicha, Yaqin Sharq haqida gapirayotganda Afrikani ham e'tibordan chetda qoldirmaslik kerak.

"Katta Sakkizlikka a'zo davlatlar rahbarlari Shotlandiyada bergan va'dalarini esga olishi zarur", - deydi Siri.

Fransiya ham Katta Sakkizlik, ham Katta Yigirmalik guruhlariga bu yili raislik qilar ekan, bugungi sammit kelasi yilga belgilangan saylovlar arafasida prezident Nikolya Sarkoziga o'zining xalqaro miqyosdagi rahbar sifatidagi imijini kuchaytirish uchun yaxshi imkoniyatdir. Biroq tahlilchilar nazarida fransuz saylovchilarini Sarkozining xorijdagi obro'sidan ko'ra uning iqtisodiyotni jonlantirish va ish o'rinlari yaratishga qaratilgan amaliy harakatlari ko'proq tashvishga solmoqda.

Bugun Barak Obama sammitdan oldin Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan uchrashgan. Tomonlar Markaziy va Sharqiy Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi bo'yicha fikr almashgan. Ularning uchrashuvdan so'ng muxbirlarga aytishicha, Obama va Medvedev tizim uchun zamin hozirlaydi, ammo masalaning yechimi bo'lajak rahbarlarga bog'liq bo'ladi.

Obama va Medvedev Rossiyaning Jahon Savdo Tashkilotiga a'zo bo'lish imkoniyatlari haqida ham gaplashgan. Prezident Medvedev Sarkozi bilan ham uchrashib, Rossiyaga to'rt harbiy kema sotishga kelishib olgan. Bu borada bitim kelasi ikki haftada imzolanishi kutilmoqda. Unga ko'ra, Fransiya kemalarning ikkitasini o'zida, qolganini Rossiyada qurib beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG