“Buyuk sakkizlik” davlatlari Shimoliy Irlandiya poytaxti Belfastda yig’in o’tkazmoqda. Unda Suriya mojarosi asosiy muhokama mavzusi bo’lishi kutilmoqda.
AQSh rahbari Barak Obama sammit doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, Suriya haqida gaplashishi kutilmoqda. Rossiya Bashar Al-Assad hukumatini himoya qilib kelayotgan sanoqli davlatlardan biri.Putin G’arbni Suriya muxolifatini qurollantirish masalasida ehtiyot bo’lishga chaqiradi.
Uning aytishicha, dushmanlarining jasadini yorib, organini yeydigan odamlarni qurollantirish to’g’ri qaror emas. Bu bilan u yaqinda tarqalgan bir videoga ishora qilmoqda. Unda isyonkorlardan biri o’lgan Suriya askarining ko’kragini yorib, yuragini tishlayotgani aks etgan.
Rossiya rahbarining aytishicha, bu holat Yevropaning insonparvarlik qadriyatlariga aslo mos kelmaydi.
Qo’shma Shtatlar o’tgan hafta Suriya hukumatining isyonchilarga qarata kimyoviy qurol qo’llagani o’z tasdig’ini topganini e’lon qilgan edi. Shu munosabat bilan Obama ma’muryati muxolifatni qurollantirish bo’yicha qaror qabul qildi. Ammo harbiy ko’makning nimalardan iborat bo’lishi haqida aniq ma’lumot berilmagan. Ayni paytda Rossiya Suriya hukumatiga qurol sotishda davom etmoqda. Kremlning aytishicha, Rossiya faqat Suriya bilan tuzilgan shartnoma bo’yicha o’z majburiyatlarini bajaryapti, xolos.
Shuningdek, Rossiya va AQSh Suriya mojarosini tinch yo’l bilan hal etish maqsadida xalqaro anjuman o’tkazish bo’yicha ham muzokara olib bormoqda. Ammo uning qachon va qayerda o’tishi haqida hanuz kelishuvga ertishilmagan.
“Buyuk sakkizlik” kengashida jahon iqtisodiyotini rivojlantirish masalasi ham muhokama etiladi.
Lox-Ern dam olish maskanida bo’lib o’tayotgan sammitda dunyoning eng kuchli iqtisodiyotga ega mamlakatlari yig’ilgan.
Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Italiya, Germaniya, Rossiya va AQSh jahon yalpi mahsulotining 50 foiziga egalik qiladi. Ammo ular orasida 2009-yilgi moliyaviy inqirozdan hanuz chiqishga qiynalayotganlar bor.
Anjumanda Obama AQSh ichki hayotidagi masalalarga ham to’xtatlib, xususan, AQSh Milliy Xavfsizlik agentligi tomonidan AQSh fuqarolarning internetdagi faoliyati va telefon qo’ng’iroqlari kuzatilgani masalasida ham so’zlashi kutilmoqda.
Obama agentlikning bu borada amalga oshirgan faoliyatini qo’llab-quvvatlab, terror xurujlarining oldini olish uchun uni zarur amaliyot deb hisoblaydi.