Breaking News

Iqtisodiyoti kuchli davlatlar sammitida yevro, Suriya asosiy mavzular


Prezident Obama sammit davomida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan alohida ko’rishdi.
Prezident Obama sammit davomida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan alohida ko’rishdi.

Katta Yigirmalik guruhiga a’zo davlatlar rahbarlari Meksikada ikki kunlik sammitni boshlar ekan, yevro tanazzuli va Suriyadagi qirg’in asosiy mavzular.

Iqtisodiyoti mustahkam sanalmish bu davlatlar yetakchilari Gretsiyada kechagi saylovlar ketidan bir oz yengil nafas olmoqda. Poygada Yevropa mamlakatlaridan iqtisodiy madad olishga, xarajatni kesishga xayrixoh partiya qo’li baland kelgan.

Katta Yigirmalik Yevropa bilan ovora bo’lib, yo’qsil mamlakatlar e’tibordan chetda qolib ketadi.
Amerika prezidenti Barak Obama Gretsiya xalqining qarorini olqishlamoqda. Muxolifat g’alaba qozongan taqdirda Gretsiya yevro bilan muomala qiluvchi davlatlar safini tark etib, bu kuchliroq global iqtisodiy tanglikka turtki berishi mumkin edi.


Hozirning o’zida Yevropa qarzi va bank tizimidagi muammolar dunyo moliyasiga xavf solmoqda. Meksikaning Los-Kabos dam olish zonasida Katta Yigirmalik sammitida bor e’tibor shunga qaratilsa, ajabmas, deydi Obamaning xalqaro iqtisodiyot masalalari bo’yicha maslahatchisi Mayk Froman.

“Global iqtisodiyotga tahdid solayotgan bosh omil shu hozir. Yevropa esa Amerikaning eng yirik savdo hamkori, jahon moliya sistemasining muhim bo’g’ini”, - deydi Froman.

Yevropa iqtisodiy krizisi Barak Obama shu yil noyabrda prezidentlikka qayta saylanishiga ham xalaqit berishi mumkin.

“Katta Yigirmalik rahbarlari, jumladan Barak Obama Yevropa qanday taklif bilan chiqar ekan, deb qarab turibdi”, - deydi Mayk Froman.

Bu orada nodavlat tashkilotlar xavotiri shuki, Katta Yigirmalik Yevropaning o’ziga to’q davlatlari bilan ovora bo’lib, yo’qsil mamlakatlar e’tibordan chetda qolib ketadi. Global iqtisodiyotda ishtirok eta olmayotgan millionlab insonlarga yordam qo’lini cho’zish kerak, deydi ekspertlar.


Prezident Obama sammit davomida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan alohida ko’rishdi. AQSh prezidenti maslahatchisi Ben Roudsning aytishicha, Obama Putinni Suriya rahbari Bashar al-Assadni hadeb himoya qilavermaslikka undagan.

“Rossiya va Amerika Suriya borasida bir to’xtamga kela olmayapti. Lekin siyosiy yechim qidirishda davom etayapmiz. Qo’shma Shtatlar pozitsiyasi shuki, prezident Assad hokimiyatdan ketishi kerak”, - deydi Rouds.

Uning aytishicha, Barak Obama Rossiyaning Afg’oniston va Eron yuzasidan madadidan mamnun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG