Breaking News

Yadro qurollarini taqiqlashga qaratilgan yangi tashabbus


Yadro qurollariga qarshi faollar - aktyor Maykl Duglas (o'ngda) va Yadro qurollarini bekor qilish xalqaro kampaniyasi rahbari Beatrisa Fin, Jeneva, Shveysariya, 12-may, 2016-yil
Yadro qurollariga qarshi faollar - aktyor Maykl Duglas (o'ngda) va Yadro qurollarini bekor qilish xalqaro kampaniyasi rahbari Beatrisa Fin, Jeneva, Shveysariya, 12-may, 2016-yil

Yadro qurollarini taqiqlash borasida yangi tashabbus olg'a surilmoqda. Xalqaro arboblar va faollar BMTning Jenevadagi idorasida shu masalani muhokama qilish uchun yig'ilmoqda.

Hukumat rasmiylari xalqaro anjumanga to'planar ekan, "Yadro qurollarini bekor qilish xalqaro kampaniyasi" faollari ularni yer minalari va kassetali bombalar qanday taqiqlangan bo'lsa, yadro qurollarini ham shunday taqiqlovchi xalqaro bitim tuzishga chaqirmoqda.

Harakat rahbari Beatrisa Finning aytishicha, uzoq yillik sukunatdan so'ng hukumatlar nihoyat yadro qurollari solayotgan xavfni va ularni nazorat qilish zaruratini e'tirof etmoqda.

"BMTda ko'plab davlatlar shu haqda muzokara o'tkazishga chaqirayotganini eshityapmiz. Muzokaralarni 2017-yilda boshlash haqida taklif bor. Bosh Assambleya oktabrda bu borada rezolyutsiya qabul qiladi", - deydi u.

Faol bu ishning oson kechmasligini tushunadi. Yadro quroliga ega davlatlar muloqotni boykot qilmoqda, deydi u.

"Ular atom qurollarining taqiqlanishini xohlamayapti. Hatto bunday qurollarning gumanitar oqibatlari va nimalarga olib kelishi mumkinligi haqida gaplashishga ham keskin qarshi chiqishyapti", - deydi Fin.

Amerikalik kino yulduzi Maykl Duglas 1998-yilda BMTning Tinchlik elchisi deb nomlangandan beri yadro qurollarining tarqalishi bilan bog'liq tahdidlardan ommani ogoh qilib keladi.

U BMT doirasida boshlangan yangi tashabbusni qo'llab-quvvatlab, yadro quroliga ega AQSh va Rossiya o'rtasida ixtilof kuchaygan hozirgi paytni "eng dahshatli davr" deb atadi.

Duglasning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, hozirgi vaziyat Sovuq urush davridan ham xatarliroq, chunki ilgari hukumatlar yadro qurollari nazoratini qattiq ushlagan bo'lsa, hozir bu boradagi ishlar ancha sust.

"Kimdir xato qilsa, uni tuzatish uchun kerak bo'ladigan vaqt juda ham qisqa. Shuning uchun hozir vaziyat nihoyatda xavfli", - deydi aktyor.

Duglas AQShning Ruminiyada joylashtirilgan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini keraksiz provokatsiya deb hisoblaydi.

"Bu Rossiya bilan ziddiyatlarni oshiradi", - deydi u.

Urushga qarshi loyihalarni moliyalovchi jamg'arma prezidenti Jozef Serinsioni ham bu fikrlarga qo'shiladi. Uning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Prezident Obama Sharqiy Yevropaga o'rnatilayotgan mudofaa tizimlarini qayta ko'rib chiqishi uchun hali ham kech emas.

"Sistema Yevropani Eron yaro qurolidan mudofaa qilishga mo'ljallangan edi. Eron bilan kelishilgan bitim hozir bu mudofaani keraksiz qilib qo'ydi. Biz Eronni atom qurolini yasashdan kamida 15-20 yilga to'xtatdik. Demak, mudofaa tizimini ham to'xtatish fursati keldi", - deydi u.

Serinsioni Prezident Obamani Eron yadro dasturini cheklagani uchun olqishlaydi, ammo Amerikaning ulkan yadro arsenalini kamaytira olmagani uchun tanqid qiladi.

"Ayni paytda yangi yadro qurollarini yaratish uchun bir trillion dollarlik kontrakt turibdi", - deydi u.

Serinsionining umid qilishicha, Obama Yaponiyaga tashrifi chog'ida atom bombasi solayotgan xavfni kamaytirish haqida yangi tashabbusni e'lon qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG