Breaking News

Gruziyada muxolifat prezident iste'fosini talab qildi


Gruziyada muxolifat prezident iste'fosini talab qildi
Gruziyada muxolifat prezident iste'fosini talab qildi

Gruziya poytaxti Tibilisida dam olish kunlari namoyishchilar va militsiya o’rtasida to’qnashuv yuz berib, politsiya ko’zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangan. Namoyishlar davlat televideniyesi oldida davom etmoqda.

2003-yilda yosh siyosatchilar yetakchiligida “Atirgul inqilobi”ni o’z boshidan o’tkazgan Gruziyada muxolifat hukumatga qarshi uyushib, inqilob natijasida hokimiyatga kelgan prezident Saakashvilini iste’foga chaqirmoqda. Muxolifat nazarida davlat rahbari avtoritarizmni tiklamoqda.

“Rasmiy Tbilisi islohotlar dasturiga amal qilmayapti, ishsizlik yuqori darajada, qashshoqlik keng yoyilgan, deb yozadi AQShning New York Times gazetasi gruzin muxolifati so’zlarini keltirib.

Prezident Saakashvilining sobiq izdoshi, parlament sobiq spikeri Nino Burjanadze hozirda muxolif guruhlarga yetakchi. Uning aytishicha, politsiya namoyishlarni to’xtatish maqsadida salkam 100 kishini hibsga olgan. Burjanadze “2003-yilgi inqilob davri bilan solishtirganda Gurjistonda demokratiya ancha susaygan”, deydi.

Sobiq spikerning aytishicha, hukumat muxolifatchilarning matbuotga ma’lumot uzatishiga qarshilik ko’rsatmoqda. Bunday da’volarni rad qilayotgan rasmiy Tbilisi tinch namoyishlarga ruxsat berilgan, deydi.

2008-yilda Rossiya bilan urush qilgan hamda Abxaziya va Janubiy Osetiya kabi hududlarini qo’ldan boy bergan Gruziya rahbari Saakashvilining prezidentlik muddati 2013-yilda tugaydi. Mavjud qiyinchiliklarga qaramay, uning g’arb dunyosi va mamlakatda obro’-e’tibori hali ham yuqori.

Gurjistondagi siyosiy va iqtisodiy inqirozga prezident Saakashvili javobgar deya bong urayotgan muxolifat esa tarqoq. Hukumatga qarshi jipslashgan tarzda ham siyosiy kurash uchun salohiyati yetarli emas.

Oppozitsiyaning bir qismi so’nggi namoyishlarni boykot qilib, qatnashmagan. Tbilisida davlat televideniyesi oldida to’plangan bir necha yuz faol esa chorshanba kunga rejalangan ommaviy namoyishlarni kutmoqda. Ular nazarida prezident Saakashvili shart-sharoitsiz lavozimidan ketishi zarur. So’ng erkin saylovlar o’tkazilib, xalq yangi rahbarni saylashi kerak.

Internetda “EurasiaNet.Org” sahifasidagi xabarda yozilishicha, muxolifatning hukumatga qarshi namoyishlari xalq orasida shavq-zavq bilan kutib olinmagan.

Yevrosiyo Jamg’armasining Gurjistondagi vakili Koba Turmanidzega ko’ra, xalq oldingidek emas. Hozirgi sharoitda omma ergashadigan, maqsadni aniq qilib ko’rsatadigan liderlar yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG