Rossiya va Gruziya 2008-yilgi urush ketidan diplomatik aloqani uzgan edi. Orada bordi-keldi to’xtab qolgan.
Biroq Gruziya hukumati yaqinda yangi telekanal ochib, qo’shni davlatga rus tilida ko’rsatuvlar uzatmoqda.
Gruziya hukumati tomonidan moliyanlagan yangi telekanal - PIK-TV xalqaro va mintaqaviy yangiliklarni yoritadi. Urush ketidan Gruziyada rus tiliga qarshi kampaniya boshlangan bo’lsada, yangi kanal bundan mustasno. Barcha dasturlar rus tilida.
Katya Kotrikadze Moskvada jurnalistika sohasida o’qigan.
“Kavkaz ahli xolis axborotdan mahrum, media loyiha ana shu bo’shliqni to’ldirishga qaratilgan”, - deydi u. “Mintaqaning turli burchaklarida har kuni zo’ravonlik, jinoyat, qotilliklar sodir etiladi. Ko’pchilik bundan bexabar”.
“Kavkaz Yangiliklari”ni sun’iy yo’ldosh orqali tomosha qilish mumkin. Internetda ham sahifasi bor.
Katya Kotrikadze deydiki, PIK-TV sun’iy yo’ldosh orqali rus tilida axborot uzatuvchi mustaqil kanal. “Gruziya hukumatidan ko’rsatma olmaymiz, senzuraga o’rin yo’q”.
Loyiha boshlanganiga olti oy bo’ldi. PIK-TV bugun 24 soat efirda. Rus va ingliz tilidagi internet saytiga har kuni 50 ming kishi kiradi.
Kanal direktori Robert Parsonsning aytishicha, Gruziya qo’shnilar bilan do’stona munosabatda bo’lishi juda muhim.
“Ayni paytda mahalliy axborot vositalari, ayniqsa, Rossiya kanallari faqatgina negativ ma’lumot tarqatish bilan ovora”, - deydi Parsons.
Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin Shimoliy Kavkazda bo’lginchilik harakatlari avj oldi, urushlar girdobiga tortildi. PIK-TV loyihasi orqali Gruziya bu yerda yashovchi barcha xalqlar bilan til topishish niyatida, deya tushuntiradi Tashqi ishlar vaziri muovini Tornike Gordadze.
“Kelajakda bunday mojarolarni bartaraf etmoqchi bo’lsak, Gruziya o’zi haqida ko’proq ma’lumot berishi, qo’shnilar bilan bog’lanishi kerak. Toki ular Rossiyaga ko’r-ko’rona ergashmasin”, - deydi rasmiy.
PIK-TV rahbariyatiga ko’ra, telekanal rus tilidagi xolis axborot manbai. Ammo Gruziya muxolifati yetakchilaridan biri Nino Burjanadze fikricha, rasmiy Tbilisi olov bilan o’ynashmoqda.
“Gruziya hukumati o’zini boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashishga haqli deb biladi, shekilli. Rus tilida kanal ochgani provokatsiyadan boshqa narsa emas”, - deydi oppozitsiya vakili.
Keytlin Rayan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi “Transparency International” xalqaro tashkilotining Tbilisidagi idorasida ishlaydi.
Uning fikricha, PIK-TV mustaqil bo’lgani yaxshi, lekin bu loyihaga sarflanayotgan bir million dollar sarmoyaga arziydimi - hukumat shu haqda o’ylab ko’rishi kerak.
“Loyiha uzoqqa borishi gumon. Gruziya bir kambag’al davlat bo’lsa, shu mablag’ni qishloq xo’jaligini rivojlantirishga, aholi turmushini yaxshilashga sarflagan ma’qul emasmi?” - deydi xalqaro tashkilot vakili.
Bu orada, PIK-TV tomoshabinlari soni oshib bormoqda. Kreml ham bundan boxabar.
Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev urushga uch yil to’lishi munosabati bilan bergan intervyusiga PIK-TV jurnalistlarini ham taklif etgan.