Breaking News

Afg'oniston prezidenti vazirlikka nomzodlar ro'yxatini parlamentga kiritdi


Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bugun parlament quyi palatasiga Vazirlar mahkamasiga a'zolikka nomzodlar ro'yxatini tasdiq uchun taqdim etdi. G'ani va u bilan hokimiyatni baham ko'rayotgan Abdulla Abdulla to'rt oydan buyon vazirlar ro'yxati bo'yicha tortishib kelgan.

AQSh vositachiligida erishilgan kelishuvga ko'ra, ro'yxatda 27 kishining nomi ko'rsatilgan, uch nafari ayol. Ashraf G'ani xalq noiblariga murojaat qilib, mamlakat oldida turgan xavfsizlik, iqtisodiy, moliyaviy muammolar, AQSh va NATO bilan imzolangan xavfsizlik bitimining foydasi haqida gapirdi.

Davlat rahbari vazirlar mahkamasiga ko'rsatilgan nomzodlarni insof bilan ishlashga, korrupsiyaga qarshi kurashishga chaqirib, kimki ishini sidqidildan bajarmasa, lavozimini bo'shatishi kerak, dedi.

Vazirlikka nomzodlarning ayrimlari qo'sh fuqarolikka ega. Ayrim qonunchilar ba'zilarini tasdiqlamasligini bildirgan. G'ani ro'yxatni o'tgan hafta e'lon qilgan edi, ammo nomzodlardan birining Estoniyada soliq to'lamagani uchun Interpol qidiruvida ekani ma'lum bo'ldi. Moliya vaziri lavozimiga ko'rsatilgan Jilani Popal qo'sh fuqaroligini saqlab qolish uchun hukumatga kirish taklifidan voz kechdi.

Parlament shu hafta ro'yxatga ovoz beradi.

Bu o'rtada sharqdagi G'azni viloyatida yo'l chetiga qo'yilgan bomba portlab, sakkiz odam o'lgan, ikkisi jarohat olgan.

BMT hisobiga ko'ra, o'tgan yili mamlakatda xurujlarda 10 ming odam o'lgan va yaralangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG